Qonunchilik palatasi tomonidan 2019 yil 26 aprelda qabul qilingan, Senat tomonidan 2019 yil 3 mayda ma’qullangan “Davlat-xususiy sheriklik to‘g‘risida"gi Qonun Prezident tomonidan imzolandi. Qonun bir oydan so‘ng kuchga kiradi.

Qonunga muvofiq, davlat-xususiy sheriklik bu davlat sherigi va xususiy sherikning muayyan muddatga yuridik jihatdan rasmiylashtirilgan, davlat-xususiy sheriklik loyihasini amalga oshirish uchun o‘z resurslarini birlashtirishiga asoslangan hamkorligi hisoblanadi.

Qonun bilan davlat-xususiy sheriklik taraflarining huquq va majburiyatlari belgilab berildi. Davlat-xususiy sheriklik loyihasi davlat organi (tashkiloti) va (yoki) yakka tartibdagi tadbirkor yoxud yuridik shaxs tomonidan tashabbus qilinishi mumkin.

Davlat sherigi tender yoki to‘g‘ridan-to‘g‘ri muzokaralar natijalari bo‘yicha aniqlanadigan xususiy sherik bilan davlat-xususiy sheriklik to‘g‘risida bitim tuzadi.

Davlat-xususiy sheriklik to‘g‘risidagi bitimning amal qilish muddati 3 yildan kam bo‘lmasligi va 49 yildan oshmasligi kerak.

Davlat-xususiy sheriklik to‘g‘risidagi bitimning taraflari o‘z majburiyatlarini bajarmaganlik yoki lozim darajada bajarmaganlik uchun mulkiy javobgar bo‘ladi.

Agar keyingi qonun hujjatlari davlat-xususiy sheriklik ob’ektiga investitsiya kiritish shartlarini yomonlashtirsa, davlat-xususiy sheriklik to‘g‘risidagi bitim tuzilgan sanadan e’tiboran 10 yil mobaynida xususiy sherikka nisbatan bitimni tuzish sanasida amalda bo‘lgan qonun hujjatlari qo‘llaniladi.

Ilgari Spot davlat-xususiy sektor sherikchiligi muvaffaqiyatli bo’lishi uchun nimalar qilinishi kerakligi haqida ekspert takliflarini nashr qilgan edi.