O‘tgan yil avgustda oilaviy mehmon uylari faoliyatini tashkil etish to‘g‘risida qaror chiqdi. Hujjat oilaviy mehmon uylari xizmatlarini sertifikatlashtirish tizimini soddalashtirdi, banklarga bu biznesni yuritish uchun imtiyozli kredit ajratish tavsiya qilindi.

Toshkentdagi Nice mehmonlar uyi asoschisi Noman Ikramjanov Spot uchun maxsus bunday joylashtirish shaklining afzalligi nimada ekani, O‘zbekistonda bu yo‘nalishning istiqbollari qandayligi va u qay yo‘sinda turistik mavsum avjida 7 mln. so‘m daromad qilishni ko‘zlayotgani haqida so‘zlab berdi.

Ikki oyda mehmon uyini ochish va bunga 20 mln. so‘m sarflash

Mehmon uyini tashkil etish sohasiga men Prezident turizm O‘zbekistonning eng muhim iqtisodiy yo‘nalishlaridan biri ekani haqida e’lon qilganidan keyin kirib keldim. Hozir mamlakatimiz keng reklama qilinmoqda, barcha elchixonalarimiz buning ustida ish olib boryapti va zarur bo‘lganidek ishlayotganini biz ko‘rib turibmiz. Shu bilan birga turistlarni bizning tovarlar va xizmatlar — taksi, ovqatlanish, yashash narxlari ham jalb etmoqda.

Men matbuotdagi chiqishlar va maqolalarni kuzata boshladim va mamlakatimizga kelayotgan turistlar soni oshayotganini sezdim, ularni joylashtirish uchun mehmonxonalar esa u qadar ham ko‘p emas. Bu vaqtga kelib, men ijaraga bergan uy bo‘shagan edi va tayyorgarlikni boshladim — hujjatlarni topshirdim, karavotlar, yotoq buyumlari, idishlar va stollar sotib oldim.

Bu haridlarga mablag‘ning katta qismi ketdi, men o‘z jamg‘armamdan jami 20 mln so‘m kiritdim. Ikki oydan keyin, 2018 yilning oktyabrida Nice mehmonlar uyi ochildi. Uyda maydoni 17 dan 22 m². bo‘lgan to‘rtta nomer bor.

Mehmonlar uyini ochish uchun oilaviy korxonani rasmiylashtirish lozim — bu Davlat xizmatlari markazida bir soat vaqtni oladi. U yerga oila a’zolaringiz bilan borasiz va mehmon uyini ochish to‘g‘risida ariza berasiz. Keyin hokimlik qoshidagi Turizmni rivojlantirish departamentida oilaviy mehmon uylari uchun reyestrdan ko‘chirmani rasmiylashtirish lozim bo‘ladi, uni uch kun davomida ko‘rib chiqishadi.

Foto: Yevgeniy Sorochin / Spot

Ko‘chirma tayyor bo‘lgunga qadar sizga uch kun ichida hokimlik qoshidagi Turizmni rivojlantirish departamentidan tekshiruvchilar kelishi lozim, ular uyni ko‘rib chiqib, xulosa tayyorlaydilar.

Baholash qanday amalga oshiriladi: tekshiruvchilar suv ta’minoti, kanalizatsiya va boshqa muhandislik kommunikatsiyalari, internet, telefon aloqasi bor-yo‘qligini ko‘rib chiqadilar. Ular yana o‘t o‘chirish apparati olishni, prays-sahifa yaratishni, lavha, shuningdek Davlat turizm qo‘mitasining call-markazi aloqa raqamlari qayd etilgan tablichka ilishni so‘rashadi.

Turistlarga odatiy yashash tarzi qiziqarli bo‘ladi

Mehmon uyi ochishni istagan kishi kirishimli, odamlarni yaxshi ko‘radigan, mehmonlarga e’tibor qaratishni uddalaydigan bo‘lishi lozim. Men qiyinchiliklarga duch kelganim yo‘q — TIVda ishlab yurgan vaqtimda chet elliklar bilan muomala qilish tajribasi to‘plangan edi, shuningdek, xalqaro yurist bilimi ham qo‘l keldi. Bu yerda hammasi sizning chet ellarga qilgan sayohatlaringiz tajribasi, sizda xorijdagi mehmonxonalar qanday ishlashi haqidagi tasavvuringiz bor-yo‘qligiga ham bog‘liq.

Boz ustiga biz besh yulduzli mehmonxona darajasiga da’vogarlik qilmaymiz — mehmon uyi mehmonxonalarga qo‘yiladigan talablardan xoli. Bu yerda, aksincha, oilaviy muhit lozim, turistlar bizning yashash tarzimizni ko‘rishlari kerak.

Foto: Yevgeniy Sorochin / Spot

Bizda ko‘pincha Rossiya, Qozog‘iston va G‘arbiy Yevropa mamlakatlaridan, asosan oilaviy tashrif buyuradigan turistlar joylashadilar. Aytish mumkinki, auditoriyamizning 50% — oilaviy turistlar hisoblanadi.

Qozog‘iston va Rossiyadan turistlarning ko‘pchiligi o‘z farzandlari bilan kelishadi, yevropaliklar orasida oilaviy juftliklar va xizmat safari bilan kelganlar son jihatidan ustun. Mehmonlar uyda o‘rtacha ikki kunga qolishadi.Turistik agentliklar bilan kamdan-kam hamkorlik qilamiz, chunki ularga yetarlicha katta guruhlardagi mehmonlar kelishadi, agar kimdadir kichik guruhlar bo‘lsa, biz ularni qabul qilamiz.

Bir kishi uchun xonaning narxi — kuniga 150 ming so‘mdan, oila uchun esa 300 ming so‘mdan boshlanadi. Bu summaga faqat nonushtani kiritganmiz, boshqa xizmatlarni joriy etishni hozircha rejalashtirmayapmiz: tushlik va kechki ovqat tayyorlash uchun vaqt va qulaylik yo‘q, kichik restoran barpo etishga joyimiz yetmaydi. Kelajakda, agar moliyaviy imkoniyat bo‘lsa, transport xizmati kiritishni — shahar bo‘ylab ekskursiya yoki Samarqandga sayohatga olib borishni, shu bilan birga agar mehmon uzoq muddatga kelgan bo‘lsa, yashash narxidan chegirma qilishni rejalashtiryapman.

Shuningdek barcha xonalarga kichik-muzlatgichlar qo‘yishni, qo‘shimcha ichimliklar taqdim etishni, hovliga so‘ri o‘rnatishni istayman. Biz xovliga O‘zbekiston uchun an’anaviy bo‘lgan daraxtlar — shaftoli va anorlar ekkanmiz, hamma yoqqa archa ekish ham uncha qiziq emas.

Foto: Yevgeniy Sorochin / Spot

Asosiysi — O‘zbekiston ruhini yo‘qotmaslik. Mehmonlarimiz aynan oddiy o‘zbek oilasi qanday yashashini his qilishni xohlaydi. Shuning uchun hech narsadan nusha olishning hojati yo‘q, aslimizcha qolishimiz lozim.

Mehmonlar uylari shunisi bilan afzalki, har bir mehmon mezbon e’tiborida bo‘ladi, yirik mehmonxonalar sohiblari esa ular bilan muloqotda bo‘la olmaydi. Agar ma’mur sizga 10−15 daqiqa vaqt ajratsa ham bu katta gap. Bu yerda esa uy egasi va sohibasi har bir mehmon bilan sidqidildan suhbatlashadi, mamlakatimiz haqida hikoya qiladi, qayerga borish, nimalarni ko‘rish haqida maslahatlar beradi.

Prognozlar: Oyiga 10 mln so‘m daromad

Ishimizni rivojlantirish uchun birinchi navbatda internetdan foydalanamiz. Imkoniyat doirasida bronlashtirish saytlari — Booking.com, Hotels.ru'da reklama beramiz. Hozircha ijtimoiy tarmoqlarga pul kiritganim yo‘q, biroq bu haqda o‘ylayapman.

Foto: Yevgeniy Sorochin / Spot

Agar ilgari harakatlanishning an’anaviy uslublari haqida gapiradigan bo‘lsak, mahalliy radioda reklama berishdan ma’no yo‘q, turist uni juda kam eshitadi. Reklama flayerlarini tayyorlash — katta mehmonxonalar uchun yaxshi. Shuning uchun onlayn-faollikka e’tibor qaratyapmiz.

Mehmon uyimiz qanchalik daromad keltirishi to‘g‘risida gapirishga xali erta: xulosa chiqarish uchun bir mavsum to‘liq ishlash kerak. Hozircha moliyaviy chiqim yo‘q, biroq daromad ham uncha ko‘p emas. O‘tgan yilning oktyabrida, ish boshlaganimizdan keyingi birinchi oyda (oktyabr) 20 kishi mehmon bo‘ldi, bu mavsumning eng qizg‘in paytlaridan biri edi. Kuzning oxiri va qish davri — bu o‘lik mavsum hisoblanadi. Bu yil martdan aprelgacha oyiga 60−70 nafar mehmon joylashdi. Chillada biz hozircha ishlaganimiz yo‘q, bu ham ancha past mavsum bo‘ladi.

Mehmonlarning o‘rtacha oylik miqdorini ham hozircha ayta olmayman, bu yil yakuniga ko‘ra ma’lum bo‘ladi. Mavsumda joylashuv 75−80%, mavsumdan tashqari vaqtda hech bo‘lmasa 30−40% ni tashkil qilishini istardim.

O‘lik mavsumda foyda oyiga 2 mln so‘m, mavsumda, mening prognozlarim bo‘yicha, daromad oyiga 10 mln so‘mni, foyda esa 7 mln so‘mni tashkil qiladi. Mart oyi bo‘yicha foyda hozirning o‘zida 7 mln so‘m bo‘ldi, aprel oyida esa qariyb 10 mln so‘m. Yil oxirigacha harajatlarimizni to‘la qoplaymiz, deb o‘ylayman.

Harajatlarimiz asosan nonushta uchun mahsulotlar, uy uchun yuvish vositalari, kimyoviy tozalashga — oyiga tahminan 1,5 mln so‘mni tashkil qiladi. Qishda gaz, issiq suv va isitishga ko‘p pul ketadi, yozda esa elektr harajatlari o‘sadi. Soliqlarga kelganda oilaviy korxona sifatida aylanmaning 4%ini to‘laymiz.

“Men sohadagi ijobiy o‘zgarishlarni ko‘ryapman”

Biz Davlat turizm qo‘mitasi bilan doimiy aloqa o‘rnatganmiz, meni bir necha marta qo‘mitaga muhokamaga chaqirishdi, takliflarimizni o‘rganishdi. Biz Telegram orqali muloqot qilamiz, bizni sohadagi turli yangi qoidalardan xabardor qilib turadigan guruhlar bor. Davlat turizm qo‘mitasidan ko‘p tekshiruvchilar keladi, deb aytmagan bo‘lardim, ularning istaklari tavsiya xususiyatiga ega bo‘ladi.

Foto: Yevgeniy Sorochin / Spot

Umuman, men turistik sohada ijobiy o‘zgarishlar ko‘ryapman. Mehmon uylarida chet elliklar yashashi uchun hujjatlar topshirishni o‘zgartirganlari juda qulay bo‘ldi.

Avvallari “OVIR"ga borish va ro‘yxatdan o‘tish uchun navbatda turish lozim edi, endi esa hujjatlarni emehmon.uz. saytida onlayn topshirish mumkin.

Agar tadbirkor turistlarni joylashtirish uchun mablag‘ taqdim etadigan bo‘lsa, sizga akkaunt beradilar va tizimda ro‘yxatga oladilar. To‘lov Uzcard orqali onlayn o‘tadi. Aytish mumkinki, bu muhim qadam bo‘ldi, ancha vaqtni tejash mumkin.

Albatta, muammolar ham bor — masalan, barcha muassasalarda ham Visa, MasterCard kartalarini qabul qilishmaydi. Bu u qadar katta muammo emas, mening nazarimda, biroq, mehmonlar shikoyat qilishmoqda. Temir yo‘l transporti bilan ham muammo bor — Afrosiyob poyezdiga chiptalarni onlayn xarid qilish mushkul.

Ilgari mamlakatimizning turistik imkoniyatiga ishonchsizlik bilan qarardim, biroq mehmonlar bilan muloqot jarayonida bu imkoniyatlar ulkan ekanini tushundim. Ularning O‘zbekistondagi odamlar, diqqatga sazovor joylar va taomlarimiz to‘g‘risidagi ijobiy fikrlari menga mehmonlar uylarini rivojlantirishda ilhom beradi.

Ma’lumot

Noman Ikramjanov 1971 yili Toshkentda tug‘ilgan, 1995 yili Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universitetini “xalqaro yurist” mutaxassisligi bo‘yicha tugatgan. 1996−2006 yillarda O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligining markaziy apparatida va Coca-Cola Ichimligi Uzbekiston kompaniyasida boshqaruv menejeri sifatida ishlagan. 2008 yildan xususiy tadbirkor sifatida xususiy uylar qurilishi bilan shug‘ullanadi.