Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasi “Reklama to‘g‘risida"gi Qonunning yangi tahrirdagi loyihasini jamoatchilik muhokamasiga taqdim etdi.

Unda, O’zbekistonda reklama faoliyatini amalga oshirish va reklama bozorini rivojlantirish uchun qulay shart-sharoitlar yaratish maqsadida, qonun loyihasiga yangi talab va qoidalar kiritilmoqda.

Xususan:

  • reklama faoliyatida qo‘llaniladigan tushunchalarga keng va aniq ta’rif berilmoqda;
  • reklama bozori ishtirokchilarining huquq va majburiyatlari aniqlanmoqda;
  • voyaga yetmaganlarga mo‘ljallangan reklamaga qo‘yilgan talablar kuchaytirilmoqda;
  • ijtimoiy reklamaning doirasi kengaytirilmoqda;
  • reklama tarqatishning alohida vositalariga talablar, ayrim tovarlar, ishlar, xizmatlar reklamasiga talablar, reklama to‘g‘risidagi qonun hujjatlarini buzganlik uchun javobgarlik normalari va boshqa holatlar belgilanmoqda.

Shuningdek, ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksiga reklama to‘g‘risidagi qonun hujjatlari talablarini buzganlik uchun javobgarlik normalarini kuchaytirish taklif etilmoqda.

Loyiha o‘zgartirilishi, unga qo‘shimcha kiritilishi yoki rad etilishi mumkin. 25 iyunga qadar havola orqali muhokamada qatnashib, o’z fikr va mulohazalarni bayon qilish mumkin.