Koreyada ishga joylashish istagida bo‘lgan fuqarolar uchun Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi koreys tilidan saralash test sinovi bo‘yicha yangi shaffof tizimni joriy qildi, xabar beradi vazirlik matbuot xizmati.

Koreyada ishga joylashish uchun O‘zbekiston fuqarolari koreys tilini bilish darajasi bo‘yicha ikki bosqichli — dastlabki va asosiy (EPS-TOPIK) test sinovlarini o‘tishi zarur. EPS-TOPIK testi Koreya inson resurslarini rivojlantirish xizmati (HRD) tomonidan o‘tkaziladi.

“Dastlabki test sinovi esa yaqin paytgacha Toshkent shahrida joylashgan faqat bitta tashkilot tomonidan o‘tkazib kelingan. Bu, o‘z navbatida, monopoliya holatini yuzaga keltirib, viloyatlik fuqarolar uchun noqulaylik va ortiqcha xarajatlarni keltirib chiqargan”, deyiladi xabarda.

Ta’kidlanishicha, tyest sinovlarini o‘tkazadigan tashkilot test natijalariga ko‘ra fuqarolar bilimini баҳолаш ko‘rsatkichlari reytingini yuritmagan. Qolaversa, dastlabki test sinovining savollari o‘zimizning oliy ta’lim muassasalari sa’y-harakati bilan O‘zbekistonda tuzilib, koreyalik mutasaddilar tomonidan qabul qilinadigan EPS-TOPIK savollari bilan bog‘liq emas edi. Bu holat fuqarolar uchun noqulaylikni yuzaga keltirgan.

Shu bois, saralash test sinovlari tizimi noshaffof va fuqarolarga tushunarsiz bo‘lib, bu holat korrupsiya xavfi va aholi noroziligini yuzaga keltirib, koreyalik mutasaddilar tomonidan O‘zbekiston fuqarolarining koreys tilini bilish darajasi pastligi yuzasidan qator e’tirozlar bildirilgan.

Vazirlar Mahkamasining 2018 yil 12 sentyabrdagi qarori bilan mehnat faoliyatini amalga oshirish uchun xorijga ketuvchi fuqarolar kasbiy malakasi va til bilish darajasini baholovchi markazlarni akkreditatsiyadan o‘tkazishning yangi tizimi joriy qilindi.

Yangi tartibga ko‘ra, monopoliya tugatilib, fuqarolarga qulaylik yaratish maqsadida respublika hududlarida xorij tilini bilish bo‘yicha test markazlarini tashkil etish uchun sharoitlar yaratildi. Koreys tilidan dastlabki test sinovlari borasida esa test savollari qaytadan tuzilib, EPS-TOPIK savollariga bog‘liq holda ishlab chiqildi.

“Muhimi, test markazlari Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi bilan tuzilgan hamda tomonlarning huquq va majburiyatlari, vakolatlari aniq ko‘rsatilib, belgilab qo‘yilgan shartnoma asosida dastlabki test sinovini o‘tkazish tizimida ishtirok etishlari mumkin”, deyiladi xabarda.

Test markazlari test sinovidan eng yaxshi ko‘rsatkichlarga (70%dan boshlab, eng yuqori ballgacha) ega fuqarolar ro‘yxatini mustaqil tarzda aniqlab, Tashqi mehnat migratsiyasi agentligiga taqdim etadi. Bunda Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi test topshirgan fuqarolar orasidan istalgan nomzodni tanlab olish asosida, shu jumladan, xorijiy ekspertlarni jalb qilgan holda test natijalari haqqoniyligini tekshirish huquqiga ega.

On-layn tartibda dinamik reyting olib borilib, har bir fuqaro o‘zlari topshirgan test natijalarini Vazirlik sayti orqali bemalol tekshirib ko‘rishlari mumkin.

Yangi tizim joriy qilingunga qadar dastlabki imtihonlarni topshirgan fuqarolar esa test markazlari tomonidan berilgan malaka sertifikatiga ega bo‘lsa, dinamik reytinga kiritiladi.