Qanday tovar belgilari hammaga ma’lum deb e’tirof etiladigan mezonlar Prezidentning 1 iyuldagi qarorida keltirilgan, xabar beradi “Norma”.

Quyidagilar shular jumlasiga kiradi:

  • tovar belgisi qo‘llaniladigan tovarlar va (yoki) xizmatlarning turi amaldagi va (yoki) potensial iste’molchilar tomonidan yoxud tovar belgisi qo‘llaniladigan tovarlar va (yoki) xizmatlarning turi uni tarqatilishini ta’minlashda ishtirok etayotgan shaxslar tomonidan yoxud tovar belgisi qo‘llaniladigan tovarlar va (yoki) xizmatlarniig turiga aloqador bo‘lgan ishbilarmonlar doirasi tomonidan tanib olinishi. Bunda tovarning sifat darajasi haqida tushuncha mamlakatdagi tovar belgisi bilan bog’liq bo‘lishi kerak;
  • avvaldan xos bo‘lgan yoki faol foydalanish natijasida vujudga kelgan yuqori farqlanish xususiyati;
  • O‘zbekistonda, shu jumladan Internetning milliy segmenti domen nomlari tizimida tovar belgisidan keng foydalanish va uning reklama qilinishi;
  • respublikada uzoq muddat davomida va faol foydalanish natijasida vujudga kelgan tijorat qiymati.

Intellektual mulk obyektlarining huquqiy muhofazasi bilan bog‘liq bo‘lgan apellyatsiyalarni sudgacha ko‘rib chiqish uchun Adliya vazirligi huzurida shaxsan vazir rais hisoblanadigan Apellyatsiya kengashi tashkil etiladi. Uning tarkibiga intellektual mulk sohasidagi mustaqil olimlar va mutaxassislar kiradi.

2019/2020 o‘quv yilida TDYUda “Intellektual mulk huquqi” mutaxassisligi bo‘yicha yangi magistratura yo‘nalishi ochiladi. Unga bazaviy oliy ma’lumotdan qat’i nazar qabul qilinadi.

Adliya vazirligi huzuridagi Yuristlar malakasini oshirish markaziga qo‘shimcha vazifa — intellektual mulk sohasidagi kadrlarning malakasini, shu jumladan pullik asosda oshirish yuklandi.

Ilgari Spot o‘zganing tovar belgisidan qonunga xilof ravishda foydalanish bo’yicha javobgarlik kuchaytirilgani haqida xabar bergan edi.