Ilya Nikitin qahvaxonalar sohasiga deyarli tasodifan, biroq, salmoqli bilim-ko‘nikma bilan kirib keldi — u menejment yo‘nalishi bo‘yicha oliy ta’lim oldi, savdo sohasida ishladi va HoReCa bozorining nozik jihatlarini o‘rgandi.

2015 yili, bir necha oylik tayyorgarlikdan keyin, besh nafar hamfikrlardan iborat jamoa Ilya rahbarligida yangi biznesni — Black Bear Kofi qahvaxonalar tarmog‘i faoliyatini yo‘lga qo‘ydi. O‘shanda 26 kun davomida oltita qahvaxona ochilgan edi.

Bugun tarmoqda turli o‘lcham va shakldagi 18 ta qahvaxona mavjud. Kompaniyada kuniga 1000 tagacha mehmonga xizmat ko‘rsatuvchi 200 dan ortiq xodim ishlaydi. Bundan tashqari, Black Bear Kofi uyda qahva damlashni xush ko‘ruvchilar uchun o‘zida qovurilgan qahva donlarini ham sotadi.

Ilya Nikitin mahsus Spot uchun O‘zbekistonda biznes yuritish borasidagi tavsiyalari bilan o‘rtoqlashdi, shuningdek Toshkentda o‘z qahvaxonasini ochish imkoniyatlarini ko‘rib chiqayotganlar uchun maslahatlar berdi.

01

Iste’molchilik odatlaridan cho‘chimang

Black Bear Kofi’ni ishga tushirayotib, biz qahva iste’mol bozori o‘sayotganini bilardik, biroq shu bilan birga O‘zbekistonda asosan choy ichilishi va iste’molchilar odatini o‘zgartirish zarurligi bilan bog‘liq muayyan qiyinchiliklarga duch kelishimiz mumkinligi ham ma’lum edi. Dunyo tendensiyalari bizni chetlab o‘tmasligi va qahva iste’moli madaniyati yaqin yillardayoq yangi bosqichga ko‘tarilishiga ishonardik. Shunday bo‘ldi ham — hozir O‘zbekistonda qahva iste’moli ko‘p marta oshganini ko‘rib turibmiz, buni savdo statistikasi tasdiqlaydi: qahvaxonalarimizda kuniga 45 kg atrofida qahva ishlatyapmiz.

02

“Ko‘z qo‘rqoq — qo‘l botir”

Ish boshlashdan avval biz bozorga chiqishning juda agressiv yo‘lini tanladik — bu ishlab chiqilgan strategiyaning bir qismi edi. Biz juda qisqa muddat ichida bozorda o‘zimizni namoyon qilishni va iste’molchini zamonaviy qahvaxona muhitiga olib kirishni istadik. Bunda bir vaqtning o‘zida qahvaxonalar ochilishi, shuningdek, brendni ilgari surish bo‘yicha ko‘plab tadbirlar tashkil qilish ko‘zda tutilgan edi. Qog‘ozda rejalashtirilgan barcha tadbirlar amalga oshirib bo‘lmaydigandek ko‘rinardi, biroq biz buning aksini isbotlashga muvaffaq bo‘ldik. Biz yashin tezligida qahvaxona ochar, ommaviy iventlar o‘tkazar, turli ko‘rgazmalar va xayriya tadbirlarida qatnashar edik — bularning hammasini bir vaqtning o‘zida amalga oshirdik. Bu katta tajriba bizga hozir juda yaxshi yordam beryapti.

03

Tez-tez o’zgarishga tayyor turing

Hamma ishda muntazam ravishda yuz berishi mumkin bo‘lgan xatarlarga o‘z vaqtida moslasha bilish juda muhim. Biznes-model qandaydir o‘zgarmaydigan tushunchalarga asoslanmasligi lozim — bu masofada tub yo‘qotishlarga olib kelishi mumkin. Bizda bozor nostandart va oldindan aytib bo‘lmaydigan jihatlarga ega. Hamma vaqt nimadir o‘zgaradi — raqobat muhiti, sanoat trendlari, o‘sish sur’atlari, mahsulot yetkazib beruvchilarda narxlarning shakllanishi, qonunchilik va hokazolar. Arzimas narsalar biznesga ta’sir qilishi mumkin, siz esa o‘z navbatida moslashishga tayyor turishingiz lozim.

Bugun bozor kompaniyalar izma-iz borishi lozim bo‘lgan rivojlanish kursini tanlamoqda. Bozorga moslik uchun o‘z joyida yetakchi bo‘lish yetarli emas. Muttasil rivojlanish, moslashish, bir joyda turib qolmaslik darkor. Agar kompaniyani rivojlantirish uchun zarur deb hisoblasangiz qo‘shimcha investitsiyalar yoki kreditlar jalb eting. Harakatsizlik bozordagi mavqeni yo‘qotish va oxir-oqibat tanazzulga yuz tutish bilan xavf soladi.

Shuningdek, jamiyatning ma’lum bir qatlamiga (jinsi, yoshi, ijtimoiy maqomi va boshqalar) asoslangan holda o‘z auditoriyasini biror belgi bo‘yicha cheklashdan ham ma’no yo‘q. Bu ma’noda bizning falsafamiz ancha sodda va har kim uni bizning qahva ichimligimizni sotib olganda stakanchalarimizda ko‘rishi mumkin. Unga: “Black Bear Kofi — qahvaxonalar hamma uchun” deb yozilgan va biz bu shiorga to‘la amal qilamiz.

04

Kadrlar uchun kurashing

Ishchan, qobiliyatli mutaxassislar eng pastki pog‘onalardan boshlab barcha bosqichlarda yetishmaydi. Bu o‘rinda ikkita yo‘l bor — yo o‘z mutaxassislaringizni yetishtiring, yoki ularni bozorning boshqa ishtirokchilaridan oling. Loyiha avvalida mutaxassislar yetishmasligi ayniqsa dolzarb, chunki u vaqtda sizning moliyaviy imkoniyatlaringiz cheklangan bo‘ladi va birinchi yo‘l — o‘z mutaxassislaringizni yetishtirishni tanlashdan boshqa iloj qolmaydi.

Yaxshi mutaxassis tayyorlash — katta resurslar pul, vaqt, his-tuyg‘ular talab qiladi. Biroq bu har doim ham muvaffaqiyatli yakunlanmaydi — zero har bir kishi o‘quv jarayoni va o‘z sha’niga tanqidni turlicha qabul qiladi, qandaydir foiz odam saralanishidan ham qochib qutulib bo‘lmaydi, Shu bilan birga xodim o‘quv jarayonidan keyin ish joyini o‘zgartirishni xohlab qolish xavfi hamisha mavjud bo‘ladi — barcha o‘zi uchun yanada qulayroq sharoit qidiradi.

Bu uzluksiz almashishlar rahbarning ko‘p vaqti va energiyasini oladi, biroq bu kundalik ishning ajralmas qismidir. Har qanday biznes xodimlarga bog‘liq bo‘ladi va rahbarning ishi kompaniya sifatli xodimlardan jamlanishini ta’minlash hisoblanadi.

05

Raqiblar — dushman emas

Mening nazarimda, O‘zbekistonning iste’mol bozori rviojlanishning boshlang‘ich bosqichida turibdi. Bizda aholi soni kabi potensial iste’molchilarning miqdori ancha ko‘p, mahsulot va xizmatlar ko‘pincha talabni to‘la qondirish uchun yetmaydi. Buni hozirgi vaqtda har qanday sohaga tadbiq etish mumkin. Bizning bozorimiz turli narx toifasida katta miqdordagi tovarlar va xizmatlarni qabul qilishga tayyor.

Bizning bozorda har bir mijoz uchun kurashishda ishtirokchilar u qadar ko‘p emas. Aksincha, birga rivojlanish va o‘sish, yangi ishtirokchilarga ko‘mak berish va hamkasblardan yordam qabul qilish lozim, deb o‘ylayman. Biz shu yo‘l bilan maqsadga tezroq erishamiz — zero biz hammamiz mamlakat iqtisodiyotining ajralmas qismi bo‘lgan sohani rivojlantirish yo‘lida umumiy ish qilyapmiz.

06

Ishingizni yaxshi o‘ylab kengaytiring

Kengayish — bu o‘zingizda muvaffaqiyat bilan ishlayotgan va siz mutlaqo ishongan loyiha ko‘lamini oshirish. Bunda kengayishning iqtisodiy ma’nosi — boshidan maqbullashtirilgan biznes-jarayonlar hisobiga investitsiyalarni jadal qaytarishdan iborat.

Biznesni kengaytirish deyarli hamisha katta miqdordagi vaqt va moliyaviy resurslar sarfi bilan bog‘liq. Agar kengayish yomon rejalashtirilgan bo‘lsa, u moliyaviy va reputatsiya jihatidan katta yo‘qotishlarga olib kelishi mumkin. Eng yomoni — biznes qo‘shimcha og‘irliklar oqibatlarini bartaraf eta olmay kuyishi ham mumkin.

Kengaytirishdan oldin rahbar biznes-modelning kuchli tomonlarini yaxshi bilishi, shuningdek, bu kuchli tomonlarni biznes uchun real dividendlarga qanday aylantirish haqida aniq tushunchaga ega bo‘lishi darkor. Kengaytirish bosqichida sen boshida nima bilan kuchli bo‘lganingni tajribadan o‘tkazishdan hech qanday ma’no yo‘q. Shu bilan birga kamchiliklarni ham unutmaslik kerak — ular har qanday biznesda bo‘ladi va kengaytirishni rejalashtirayotganda hisobga olinishi lozim. Nuqsonlardan kelib chiqishi mumkin bo‘lgan yo‘qotishlarni eng kam miqdorga olib kelish juda muhim ahamiyatga ega.

07

Lokatsiyalarni diqqat bilan tanlang

Mijoz bilan to‘g‘ridan to‘g‘ri ishlashga yo‘naltirilgan har qanday biznes uchun lokatsiya muhim omil hisoblanadi. Bu mijozga mahsulot yoki xizmatni oson qo‘lga kiritish muhim bo‘lgani uchun mutlaqo tabiiy xolat. To‘siqlar qancha ko‘p bo‘lsa — raqobatchi tomonga o‘tib ketish istagi shuncha oshadi. Biznesni rivojlantirishning boshlang‘ich bosqichlarida bu ayniqsa jiddiy omil bo‘lib, ilgari harakatlanishga sarflanadigan dastlabki harajatlarni keskin tushirib yuborish mumkin.

Mening amaliyotimda xatolar ham bo‘lgan. Lokatsiya markaziy, biroq mehmonlar kirmaydi. Men bunday joylarni “bermud uchburchagi” deb atayman. Lokatsiyani almashtirishga to‘g‘ri kelgan. Buning sabablari turlicha bo‘lishi mumkin — masalan, ma’muriy bino yonida ularning xodimlari va tashrif buyuruvchilarning mashinalari parkovkani to‘liq egallaydilar, bu esa mehmonlarga noqulaylik tug‘diradi.

Bino ijarasi bo‘yicha — sening noming bozorda qancha taniqli bo‘lsa, ijara beruvchilar sen bilan hamkorlik qilishga shunchalik ko‘p tayyor bo‘ladi. Ular senda hech qayoqqa qochib ketmaydigan uzoq muddatli hamkorni ko‘radilar. Mollarga narx belgilashda bozor hukmronlik qiladi va narxlarning tarqalishi ahamiyatsiz — alohida hech narsa qilib bo‘lmaydi. Shartnomalar odatda bir yilga, yiliga 20%dan ko‘p bo‘lmagan o‘sish bilan imzolanadi.

08

… va mahsulot yetkazib beruvchilar

Agar biznesingiz bizniki kabi doimiy va ishonchli hamkorlar/mahsulot yetkazib beruvchilarga qattiq bog‘liq bo‘lsa, unda sifatning doimiy nazorati masalasi va “B rejasi” albatta dolzarb ahamiyatga ega bo‘ladi. Masalan, biz eng turli mahsulotlar — sabzavot, meva va go‘shtdan tortib mebel va texnologik uskunalargacha yetkazib beruvchilar va xizmatlar taqdim etuvchilar bilan ishlaymiz. Va biz, tabiiyki, qay bir kuni bizga nimanidir olib kelmaganlari sababli muassasamizni ochmasligimiz mumkin emas.

Agar dastlabki bosqichlarda rahbar hamma narsani shaxsan nazorat qila olsa va yetkazib beruvchilarni o‘zi tanlasa unda biznesning o‘sishi bilan birga saralash jarayonini to‘g‘ri shakllantirish juda muhim. Bu tender o‘tkazish va “narx-sifat” mezoni bo‘yicha eng mos yetkazib beruvchini tanlashni o‘z ichiga oladi. O‘ylab o‘tkazilgan tender shuningdek, ko‘zda tutilmagan vaziyatlar, asosiy yetkazib beruvchi vazifasini bajarishga qobiliyatsiz bo‘lib chiqqan holatlar uchun zahiradagi variant bo‘lib qoladi.

09

Interyerlarda puxta bo‘ling

Shubhasiz, interyer biznesni rivojlantirishning asosiy strategiyasiga mos bo‘lishi, uning kuchli tomonlarini bo‘rttirib ko‘rsatishi va maqsadli auditoriyaga ta’sir ko‘rsatishi lozim. Biroq shu bilan birga bir necha yillar davomida biznesda o‘zgarmaslikni kutish — bu soddalik. Interyerni rejalashtira turib, nafaqat konsepsiya, balki materiallarning mustahkamligi, bozorda borligi, sifati kabi kundalik omillar va biznesning ko‘chish ehtimoli masalasi ham ko‘zda tutilishi lozim.

Imkoniyatga qarab intererlarni modullik va mobillik jihatidan rejalashtirish maqsadga muvofiq. Modullik interyerni o‘zgartirish yoki uni boshqacha ko‘rinishda qayta yaratish, mobillik esa tarkibiy qismlarni tezlik bilan yangi joyga ko‘chirish imkonini beradi. Agar lokatsiyalar bilan tajriba o‘tkazish rejalashtirilayotgan bo‘lsa bu ayniqsa dolzarbdir.

Buning yorqin misoli Shota Rustaveli ko‘chasidagi bizning qahvaxonamiz. Birinchi bino biz uchun kichiklik qildi va biz chorrahaga 10 metr yaqin bo‘lgan, 30 kvadrat metr kattaroq binoga ko‘chishga qaror qildik. Bu qaror muvaffaqiyatli bo‘ldi, intererning modul konstruksiyalari tez ko‘chish imkonini berdi.

10

Qolaversa…

Agar mahsulot haqiqatda yuqori sifatli bo‘lsa, seni mijozning o‘zi qidirib topadi va hammasi yaxshi bo‘ladi.