Bu hikoya muvaffaqiyatsizlik va xatolar qay yo‘sinda biznesni o‘zgartirishi haqidadir. Odamlarni o‘zgartiradi, hamma narsani o‘zgartiradi. Biz muvaffaqiyatlar ortidan quvamiz, ammo ayni muvaffaqiyatsizliklar bizni odimlashini sezmaymiz.

Bu safar o‘z muvaffaqiyatsizliklari va afsuslari to‘g‘risida Green White Solution IT-kompaniyasi asoschilaridan biri Shuhrat Niyozmetov va Markaziy Osiyo bo‘yicha BIC kompaniyasi vakili hamda TBWA reklama agentligi asoschilaridan biri va rahbari Farhod Norboyev ochiq so‘zlab berishdi.

2016 yili ular Olmaotada “Mualliflik pitsasi” (“Авторская пицца”) pitsaxonasini ochishdi, biroq 2018 yili har ikkisi loyihadan chiqishdi. Spot uchun tayyorlangan materialda ular buning sababi aynan nimada ekanligini so‘zlab berishdi. Ular bilan Madina Ro‘zmatova suhbatlashadi.

Hozir men sizlarga bir ibora aytaman, ikkingizdan biringiz uni davom ettirishingiz, yoki rad etishingiz, yo bo‘lmasa umuman izoh berishdan bosh tortishingiz mumkin.

Chetdan qaraganda, sizlar bilan yuz bergan voqea shunday ko‘rinadi: ikki do‘st, “ofis planktoni” yollanma menejerlari Olmaotaga ketishadi va hamkorlikda o‘z bizneslarini ochishadi — “Mualliflik pitsasi”.

U yerda ishlari o‘xshamaydi va biznesni yopib Toshkentga qaytishadi.

Shuhrat: Yo‘q, bunday emas. Men hech qayerga ketganim yo‘q, Farhod esa pitsaxona ochgunimizga qadar ham Olmaotada yashardi. Men esa u yoqqa bormadim, o‘sha vaqtda xalqaro kompaniyada ishlardim.

Farhod: Men kreativ agentliklarda ishlardim, Qozog‘istonga 2013 yili jo‘nab ketganman. Biroq biz ilgari Toshkentda bir loyiha ustida ishlagan vaqtlarimizda tanishganmiz. Umuman, hech kim, hech qayerga “Mualliflik pitsasi” uchun ketgani yo‘q.

Unda nega birdan pitssaxona ochishga qaror qilib qoldinglar? Shunchaki mazali taomni yaxshi ko‘rganingiz uchunmi?

Farhod: Pitsani juda yomon ko‘raman.

Shuhrat: Aslida bu g‘oya juda axmoqona bo‘ldi. Talabalik vaqtimda AQShda bo‘lganman va pitssaxonada ishlaganman. Bu g‘oya o‘shanda miyamga o‘tirib qolgandi.

G‘oyaga ko‘ra har bir mijoz taklif etilgan mahsulotlardan o‘z pitsasini shakllantirishi kerak edi. O‘z-o‘zidan ravshan, bunday xizmatlar taomni yetkazib berish orqali ko‘rsatiladi.

Keyin, chamasi, qandaydir o‘rta yosh tangligi boshlandi, bir necha loyihalar bor edi, ularni biz istagandek qabul qilishmadi.

Oqibatda men depressiyaga tushdim, Farhod ham. Men unga: “Kel, Olmaotada pitsaxona ochamiz” deb taklif qildim. Menimcha biz o‘zimizni nima bilandir chalg‘itishni istagandik.

Farhod, sen 2016 yili Qozog‘iston nashrlaridan biriga bergan intervyuingda aytganding: “Olmaota bozori — biz uchun katta sinov, biz unga bardosh beramiz va o‘z ishimizni yanada rivojlantiramiz”. Chamasi, nimadir siz kutgandek bo‘lmadi.

Farhod: Bu normal holat. Axir ishing o‘xshamaganda uni o‘z zararing hisobiga davom ettirmaysan-ku.

Shuhrat: Intervyuni menimcha, eng boshida olishgandi. Yangi loyihani boshlaganda hamma ham: “biz zo‘rmiz” deydi.

Foto: qahramonlar arxividan

Ish qachon o‘xshamay qoldi?

Farhod: Birinchidan, ishlab chiqarish jarayonida restoran biznesida tajribasizligimiz tufayli kuchsiz bo‘lib chiqdik. Ikkinchidan, “konstruktor” konsepsiyasining o‘zi hozircha ko‘pchilikni qiziqtirmadi.

Bizga asosan “Margarita”, “Pepperoni” kabi standart pitssalarni buyurtma berishardi. Yangi formatdagilar orasida biz faqat “Nokli to‘rt pishloq” restoran versiyasini tarqata oldik. U ayollar orasida bestsellerga aylandi.

Shuhrat: Qolganlarida biz katta zarar ko‘rdik va eng katta tanazzul — sekin-asta daslabki konsepsiyadan uzoqlasha bordik va oflayn-restoran ochdik.

Sizlar uni o‘z mablag‘laringiz hisobiga yo‘lga qo‘ydingizmi?

Shuhrat: Ha. Boshqa loyihalarda ishlab topgan o‘z pulimiz. 100 ming $dan ortiq mablag‘ kiritdik.

Foto: qahramonlar arxividan

Pitsaxonani ochish qo‘rqinchli bo‘lgan.

Farhod: Yo‘q, bunday bo‘lmagan. Ehtimol, boshida vahima bo‘lgandir. Birinchi buyurtmalar kelgandan keyin, darhol xotirjam tortdik.

Bunga qadar biz ta’mirlash ishlarini olib bordik, jihozlar olib keldik, men ularga qarab biz katta ish boshlayotganimizni tushundim -ana shunda vahima bo‘lgani rost.

Keyin esa biz ochilish marosimini o‘tkazdik va unda 100 dan ortiq kishi ishtirok etdi. Ular bilan birga xotirjamlik ham keldi.

Demak, Farhod Olmaotada yashagan, Shuhrat borgan.

Farhod: Ha.

Sizlarga pasportlaringiz halaqit bermadimi, ya’ni boshqa mamlakat fuqarosi bo‘lganingiz va o‘zingizga nisbatan boshqacha munosabatni sezmadingizmi?

Shuhrat: Olmaotada ko‘pdan yashayotgan o‘zbekistonlik do‘stlarimiz bor. Biz ularga ham bu savolni berganmiz — ular muammo agar bo‘lsa, u bizning ongimizda, deb aytishgan. Ehtimol, shundaydir, agar biz ayni Olmaota haqida gapirayotgan bo‘lsak.

Men, to‘g‘risi, bu haqda o‘ylagandim. Men Moskvada yashaganman, ishlaganman — u yerda bu narsa yaqqolroq ko‘rinadi. U yerda bu faqat ko‘nglingizdagi gap emas, garchi ofisda ishlagan bo‘lsam ham buni ko‘rdim, his qildim.

Farhod: Men umuman bunday hissiyotni tuyganim yo‘q. Olmaota — dunyodagi eng yaxshi shahar. Men ko‘proq bu yerda, O‘zbekistonda o‘zimni noqulay sezaman. U yoqda tinchroq, men Olmaotaliklar bilan bir to‘lqindaman.

Foto: qahramonlar arxividan

Loyihani yopdinglar.

Shuhrat: Biz uni sotdik, loyiha ishlayapti. To‘g‘ri, biz ishlab chiqqan konsepsiyada emas. Taomnoma o‘zgartirildi, biroq muassasa ishlayapti. Men va Farhod loyihadan chiqqanimiz esa to‘g‘ri.

Nega shunday qildinglar?

Shuhrat: Chunki, pulimiz tugadi. Uni davom ettirishning imkoniyati qolmagandi. Ikkalamiz ham oddiy pitsaxonaga aylantirishni istamadik. Biz qandaydir katta, ko‘lamdor narsani, rok-n-rollni xohlagandik. Xatto kompaniyamiz ham Funky Business (yozuvchi Chelli Nordstryomning Funky Business: Talent Makes Capital Dance kitobi bo‘yicha) deb nomlangandi.

Farhod: Biz hozir Dodo Pizza’dek Markaziy Osiyodagi birinchi pitsa franshizasini yo‘lga qo‘yishni xohlagandik, biroq fast-casual-formatda (fast casual — bu fastfud va o‘rtacha qiymat segmentidagi restoran o‘rtasi. Tez va Maqbul narxlardagi restoran sifatida — Spot sharhi).

Odam o‘z kuchini hisobga olishi lozim. Pul va ma’naviy quvvat tugagandan keyin biz loyihani tugatish va biznesni sotishga qaror qildik.

Biroq, Shuhrat buni xato deb hisoblamaydi. U umuman loyihani muvaffaqiyatsiz, deb hisoblamaydi.

Foto: Yevgeniy Sorochin / Spot

Shuhrat: Ha, men bu tajribani muvaffaqiyatsizlik deb hisoblamayman. Moliyaviy jihatdan bo‘lishi mumkin. Biroq bu juda yaxshi tajriba, sinov bo‘ldi. Shaxsan men bu loyihada o‘zim uchun ko‘p narsani tushunib oldim, masalan, boshqa hech qachon restoran biznesiga suqulmayman.

Buni anglab yetish qanchaga tushdi?

Shuhrat: 0 ga teng. Biz biznesni qopladik — qancha kiritgan bo‘lsak, shuncha olib chiqdik. Nol bilan chiqdik.

Farhod: Biroq ikki yilni yo‘qotganimiz ham to‘g‘ri. Loyihadan chiqish ham murakkab bo‘ldi.

Shuhrat: O‘shanda eng asosiy savolga javob topa olmadim. O‘tgan vaqt davomida birinchi kundan to loyihadan chiqqunga qadar nazarimda, restoran biznesi bo‘yicha qo‘limga tushgan hamma kitobni o‘qib chiqdim.

Ularning hech birida men juda oddiy savolga javob topa olmadim: “Agar foyda keltirmayotgan bo‘lsa restoran biznesini qachon yopish kerak?”

Hech kim hech qachon bu savolga javob bermaydi. Yakkayu-yagona bir muncha haqqoniy javobni men Novikovning intervyularidan birida eshitdim (Arkadiy Novikov, Rossiyadagi mashhur restorator — Spot izohi). U aytdi: “Pulingiz tugaganda yoping”. O‘shanda “bu javob emas-ku!” deb o‘ylagandim. Biroq, oxir-oqibat u haq bo‘lib chiqdi.

Bu biznesdan chiqish haqida qaror qilgan kuningizni eslang.

Shuhrat: Bunday qaror bir kunda qabul qilinmaydi.

Farhod: Ha. Biz bu qarorga birdan kelganimiz yo‘q. Bunday bo‘lmaydi. Ko‘p o‘yladik. To‘g‘rirog‘i, pulimiz tugagandan keyin ham biz juda uzoq vaqt boshqalarning mablag‘i hisobiga bo‘lsa ham bu ishni davom ettirish imkoniyatini qidirdik, biroq o‘z vaqtida investor topa olmadik.

Shuhrat: Biz juda uzoq izladik, Toshkentga kelishni istadik. Va bu sen aytganingdek, omadsizliklar qatori — birinchi, ikkinchi, uchinchi rad etishlar…

Shunlay vaqt keladiki, ruhan toliqasan va: “ehtimol bu kurashishga arzimas” degan xayolga borasan.

Farhod: Avvaliga ishimiz yurishmaganini tan olish, keyin esa sotishga qaror qilish juda qiyin bo‘ldi. Yana ham qiyini investor topish.

Oxiri biznesni rivojlantirishning biror yo‘lini qidirishga ham holimiz qolmaganini his qildik.

Harqalay. Qaysidir paytda nimadir o‘ylanganidek bo‘lgani yo‘q, shundaymi?

Farhod: Restoranni oflaynda ochganimizda. Tan olish kerak, eng katta xatomiz, uni restoran sifatida ochganimiz bo‘ldi. Mahsulotni yetkazib berishni rejali ravishda rivojlantirish va kelgusida ko‘lamni kengaytirish mexanizmlarini ishlab chiqib, ilgari harakat qilish kerak edi. Biroq juda sabrsizmiz.

Shuhrat: Biz o‘sha vaqtda — nimadir unchalik yaxshi bo‘lmayapti, deb o‘ylagandik.

Farhod: Bizda yana oshirilgan benchmark bor edi, marrani juda yuqori qo‘yib yuborgan ekanmiz.

Mana bunday natijaga erishamiz deb o‘ylasang va amalda boshqacha natijani ko‘rsang, bunga ko‘nish juda qiyin.

Men uchun bu juda yaxshi saboq bo‘ldi — hech qanday afsonani kutishning hojati yo‘q. Yoqsa shu ishni qil, yoqmasa — qilma.

Oxir-oqibatda “Muallif pitsasi"ni qanchaga sotdinglar?

Shuhrat: Aytishim mumkin bo‘lgani, biz nol bilan chiqdik. Aniq summani aytaolmayman, chunki buni oshkor qilmaslik to‘g‘risidagi bitimni imzolaganman.

Agar investor topganinglarda, biznesni yopmagan bo‘larmidinglar?

Farhod: Albatta, biz davom ettirardik. Bir necha yillik istiqbol rejaga asoslangan ajoyib taqdimot o‘tkazgan edik.

Shuhrat: Agar biz boshida rejalashtirgan o‘sha mablag‘ni (taxminan 700 ming $dan 1 mln $gacha) topganimizda edi, loyiha rivojlanishda davom etar va Markaziy Osiyodagi eng yirik tarmoq bo‘lgan bo‘lar edi. Biroq bunday bo‘lib chiqmadi.

Foto: Yevgeniy Sorochin / Spot

Nega ikkovinglar qaytdinglar? O‘zbekistondan tashqarida ham yaxshi martabaga erishishingiz mumkin edi-ku?

Shuhrat: Oilaviy sharoitga ko‘ra qaytdim. Undan keyin o‘zimizda ham yomon emas, mamlakat o‘zgaryapti, bu juda yaxshi. Masalan bugungi Toshkentni aylanib kayfiyatim ko‘tariladi, odamlar sayr qilib yura boshlashdi. Bu esa yaxshilik belgisi!

Farhod: Men o‘zim mamlakatimni, odamlarimizni juda yaxshi ko‘raman. O‘zbeklar samimiy, o‘zi yemay, mehmoniga ilinadi. Milliy taomlarimiz-chi. O‘zbekiston o‘zgardi, biroq meni bir narsa afsuslantiradi: juda ko‘p iqtidorli va ijodkor odamlar mamlakatdan ketib qolyapti.

Foto: Yevgeniy Sorochin / Spot

Do‘stligingiz biznesda xalaqit bermadimi?

Shuhrat: Umuman biz “Muallif pitsasi” barbod bo‘lgandan keyin

haqiqiy do‘st bo‘lib qoldik, deb hisoblayman. Ungacha biz hamkor va o‘rtoq edik. Qiyin vaqtlarda biz bir-birimizni ko‘proq bildik. Odam yo‘qotgan vaqti, biznesi uchun emas, balki sen uchun qayg‘urishi menimcha, eng yuqori qadriyat.

Biroq u bilan boshqa biznes qilmayman!

Farhod: Men bo‘lsam qilaman (kuladi). Rostini aytsam, men biror biznes egasi yoki asoschisi bo‘lishni istamayman, erkin rassom bo‘lishni xohlayman. Hozircha har doim ham ishim yurishmayapti, lekin agentligimizning biznes qismi hamkorim tomonida.

Shuhrat: Bizga umuman qiyin bo‘ldi. Men mijg‘ovman. Farhod — ijod kishisi, to‘qnashuvlar juda ko‘p.

Meningcha, bu ishni qarashlaring biznesda bir-biriga mos bo‘lgan odam bilan birgalikda amalga oshirgan yaxshiroq.

Sizgacha bo‘lgan barcha tadbirkor suhbatdoshlarim biznesga qarindoshlar va do‘stlar bilan birga kirmagan ma’qul, deb aytishgan. Bu haqda nima deb o‘ylaysiz? Biznes qilish, muvaffaqiyatsizlikka uchrash, xatolarga yo‘l qo‘yish va do‘stlikni saqlash mumkin.

Farhod: Ha, buning uchun harakat qilsa arziydi.

Shuhrat: Bunga men tufayli erishdik.

Farhod: Yo‘q.

Shuhrat: Mening xotirjamligim, vazminligim sababli.

Farhod: Agar jiddiy aytsak, men agar bir-birlaringizni ichdan yaxshi bilmasangiz, do‘stlikni asrab bo‘lmaydi deb hisoblayman. Bizga esa ayni shu yordam berdi — bir-birimizni tushunib, yaxshi bilganimiz. Eng og‘ir vaziyatlarda biz bir-birimizni qo‘llab-quvvatladik.

Avvalgi xato va muvaffaqiyatsizliklaringizdan nimalar hozirgi loyihalaringizda yordam beryapti?

Farhod: Men ancha xotirjamroq bo‘lib qoldim. Buni qisman Shuhratdan o‘rgandim. Atrofingdagi hamma narsadan ortiqcha ta’sirlanmaslik kerakligini tushundim.

Shuhrat: Muvaffaqiyatsizlik qancha ko‘p bo‘lsa, sen ularga shuncha ko‘p tayyor turasan. Unga qarshi immunitet hosil bo‘ladi. Biznesda bu muhim.

Bu ishlardan qanday xulosa chiqardingiz?

Shuhrat: Men avvalroq, boshqa bir muvaffaqiyatsizlikdan juda muhim xulosa chiqarib olganman — hamisha o‘zing boshqar. Tasavvur qilasanmi, men “Muallif pitsasi"da buni negadir unutib qo‘ydim.

Hamisha loyihani shaxsan boshqarish zarur. Agar sen uni o‘ylab chiqargan bo‘lsang, hammasi o‘zing ko‘rayotgandek bo‘lishini istasang — o‘zing boshqar. Hech bo‘lmasa jarayonni yo‘lga qo‘yguncha.

O‘ylaymanki, mening bo‘lmaganim — bu mening aybim, mening muammoim. Katta tavakkal qilishdan, ko‘chib o‘tish, qulay ishimdan ketishdan cho‘chidim.

Foto: Yevgeniy Sorochin / Spot

Farhod: Men esa agar qilayotgan ishing rohat baxsh etmasa, u barbod bo‘lishini anglab yetdim. Mehrsiz bir ishni qilib bo‘lmaydi. U baribir o‘xshamaydi. Va o‘z vaqtida xatolarni tan olish kerak.

So‘nggi savol — siyqasi chiqqan, biroq u men Spot uchun tayyorlayotgan barcha intervyularni birlashtiradi. Muvaffaqiyatsizlik qimmatga tushadi, biroq…

Shuhrat: Biroq, kerak.