O‘zbekistonning xalqaro rezervlardagi puli hozirda 27 mlrd $ni tashkil etadi. Bu qiymatning yarmi oltin, yarmi valyuta ko‘rinishida.

Bu haqda Moliya vaziri o‘rinbosari Odilbek Isoqov ma’lum qildi.

“Faqat banklarga depozit qo‘yavermasdan bosqichma-bosqich moliyaviy bozorlarga chiqishni ham yo‘lga qo‘yish kerak. Chunki shu orqali depozitlardan ko‘ra ko‘proq foyda olib kelish imkoniyatlari mavjud. Oltinni ham aslida ko‘p ushlab turishimiz kerak emas. Oltin o‘zi ko‘p, u bizga hech qanaqa pul keltirmaydi”, — dedi Odilbek Isoqov.

U oltinni pul keltiradigan, foiz hisobida foyda keltiradigan narsalarga tikish kerakligini qayd etdi.

Fevral oyida O’zbekiston zaxiradagi oltin ulushini asta-sekin kamaytirishni va unga AQSh qimmatli qog‘ozlarini qo‘shishni rejalashtirayotgani ma’lum bo‘ldi.

Markaziy bank mamlakat rezervlarini diversifikatsiya qilgan holda AQSh va Xitoyning suveren qarzini sotib olishni rejalashtirmoqda.

“Biz AQSh qimmatli qog‘ozlari va boshqa mamlakatlar, shu jumladan, Xitoy qarz majburiyatlarini sotib olishni istaymiz. Oltinning ulushi taxminan 50%ni tashkil etadi, ammo kelajakda u kamroq bo‘lishi mumkin”, — degan edi Markaziy bank rahbari Mamarizo Nurmuratov.

Uning so’zlariga ko‘ra, 4−5 yildan so‘ng O‘zbekiston ishlab chiqaruvchilari jahon bozorida to‘g‘ridan-to‘g‘ri sotish imkoniyatiga ega bo‘ladilar.

O‘zbekiston 2019 yil 80 tonna oltin eksport qilishi kutilmoqda. Ilgari Spot O‘zbekiston 3,4 mlrd $lik oltin eksport qilgani haqida xabar bergan edi.