Samarqand viloyatining turizm salohiyatidan samarali foydalanish va uni rivojlantirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risidagi Hukumat qarori qabul qilindi, xabar beradi Adliya vazirligi kanali.

Qarorga muvofiq, 2019 yil 1 oktyabrdan boshlab YUNESKO ro‘yxatiga kiritilgan hududlardan tashqari Samarqand shahridagi yer uchastkalari mehmonxonalar qurish uchun elektron onlayn-auksion orqali jismoniy va yuridik shaxslarga taqdim etiladi.

Shuningdek, shaharning “Universitet hiyoboni”, I. Karimov, A. Navoiy va Pushkin ko‘chalarida xususiy investorlarni jalb qilgan holda 2019−2021 yillarda turizm infratuzilmasi tashkil etiladi.

Qarorga ko‘ra:

  • “Bog‘i baland” va “Bog‘i Shamol” bog‘lari joylashgan joyni aniqlash orqali qayta tashkil etiladi va tarixiy qiyofasi qayta tiklanadi;
  • “Sheroz qal’a”, “Dobussiya”, Revdat shaharchasi — Kofir qal’a, Afrosiyob shaharchasidagi arxeologik yodgorliklar YUNESKO bilan kelishgan holda restavratsiya qilinadi;
  • arxeologik yodgorliklar hududida “ochiq osmon ostidagi” muzeylar tashkil qilinadi va tashrif buyuruvchilarni elektron hisobga olish tizimi joriy etiladi.

Shuningdek, 1 oktyabrdan boshlab, turizm mavsumi davomida (mart-noyabr) “Registon” kompleksi har kuni soat 7:00 dan 24:00 gacha ishlaydi.