Shavkat Mirziyoyev yoshlar bandligini ta’minlash bo’yicha videosektor o’tkazdi. Unda Toshkent shahridagi ishsiz bo’lgan 26 mingta yoshni o’qitish va tadbirkorlikka yo’naltirish ishlari ko’rib chiqildi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar beradi.

Joriy yilda 500 ming nafar yoshlarni kasb-hunar va tadbirkorlikka o‘qitish zarurligi ta’kidlandi. Tuman va shaharlarda an’anaviy yoki masofaviy o‘quv kurslarini ko‘paytirish, ishsiz yoshlarni ushbu tizim orqali kasb-hunar va tadbirkorlikka o‘qitib, bandligini ta’minlash bo‘yicha topshiriqlar berildi.

“Ishga marhamat” monomarkazlari hamda kasb-hunar kollejlarini asbob-uskuna bilan ta’minlash, kasb standartlarini ishlab chiqish va o‘qituvchilar malakasini oshirish vazifalari belgilandi.

“Yoshlar: 1+1” dasturi doirasida o‘g‘il-qizlarni tadbirkorlarga biriktirib, ularda biznes ko‘nikmalarini shakllantirish, imtiyozli kreditlar ajratib, o‘z faoliyatini boshlashga ko‘maklashish zarurligi aytildi. Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligiga joylarda yoshlar sanoat va tadbirkorlik zonalari tashkil etish bo‘yicha ko‘rsatma berildi

O‘zbekiston Prezidentining 2020-yil 13-oktabrdagi PQ-4862-sonli qaroriga muvofiq, diplomi yo‘q, lekin amaliy ko‘nikmasi bo‘lgan ishsiz yoshlarni, malakani baholash markazlarida o‘qitib, sertifikat berish tizimi joriy etildi.

Shundan kelib chiqib, Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligiga “Ishga marhamat” monomarkazlarida, shuningdek, qator oliy ta’lim muassasalari va yirik sanot tarmoqlarida malakani baholash markazlari tashkil etish vazifasi qo‘yildi. Bu orqali joriy yilning o‘zida 30 ming yigit-qizga malaka sertifikati berib, ularning bandligini ta’minlash mumkinligi aytildi.

Tadbirkorligini boshlamoqchi bo‘lgan yoshlarning mini-texnologiya va uskunalar xarid qilishi uchun subsidiya ajratish, kredit olishda sug‘urta to‘lovi bo‘yicha ko‘maklashish yuzasidan topshiriqlar berildi.

Bandlikni ta’minlashda eng katta zaxiralardan biri dehqonchilik qilish uchun yer ajratishdir. Lekin, o‘tgan yili bu borada murojaat qilgan 14 ming nafar yoshdan atigi 3 mingiga yer berilgan, xolos.

Bosh vazir o‘rinbosariga joylarda har 10 gektar ekin yeridan 1 gektarini yoshlarga dehqonchilik uchun ajratish tartibini joriy etish vazifasi topshirildi.

Shuningdek, quduqlar qazib, zaxira yerlarni yoshlarga foydalanish uchun berish, tomorqada limonchilik, parrandachilik, quyonchilik, asalarichilik qilishlari uchun kreditlar ajratish yuzasidan ko‘rsatmalar berildi.

Musiqa va san’at maktablari, madaniyat markazlari, muzeylar qurish hamda ta’mirlash orqali ularda yoshlar qamrovini 30 foizga yetkazish maqsadi belgilandi. Bunga, joriy yilda byudjetdan 150 milliard so‘m ajratiladi.

Joriy yilda sog‘lom turmush tarzini keng targ‘ib etib, sport bilan shug‘ullanuvchi aholi sonini 25 foizga, yoshlar qamrovini 20 foizga yetkazish maqsad qilingan. Bolalar bog‘chasi va maktablarni sport anjomlari bilan jihozlash uchun byudjetdan 100 milliard so‘m ajratilgan.

Hozirgi yoshlarning zamonaviy texnologiyalarga qiziqishi yuqori. O‘tgan yili IT-parkning 5 ta filiali va Raqamli texnologiyalar o‘quv markazlarida 10 mingdan ortiq yoshlar saboq olgan.

Bu qamrovni kengaytirish maqsadida har bir tumanda kamida bittadan maktabda IT-to‘garagi ochish, yana 100 ta Raqamli texnologiyalar o‘quv markazi tashkil etib, 20 ming yigit-qizni dasturlash va axborot texnologiyalari sohasida tadbirkorlikka o‘qitish muhimligi ta’kidlandi.