AQSh hukumatining iqtisodiyotni tiklashga urinishlari amerikalik milliarderlarning daromadlarini keskin o‘sishiga olib keldi. Jo Bayden prezidentligining dastlabki 100 kunida mamlakatning eng badavlat kishilari o‘z kapitallarini $195 milliardga ko‘paytirib oldilar. Bu haqda Bloomberg tahlilchilari xabar bermoqda.

Joriy yilning mart oyida Kongress Amerika iqtisodiyotini qo‘llab-quvvatlash rejasini ma’qulladi. Bu, xususan, aksariyat amerikaliklarga $1400 miqdorda to‘g‘ridan-to‘g‘ri to‘lovlarni taqdim etdi. Biroq bu pullarning aksariyati milliarderlarning mablag‘larini yana-da o‘sishiga yordam berdi, chunki bu voqealar ortidan fond birjalarda o‘sish yuz berdi.

Ma’lumot uchun, Bayden saylovlarda g‘alaba qozongan kundan boshlab to lavozimiga kirishguniga qadar 100 nafar amerikalik boylar o‘zlarining umumiy boyliklarini $267 milliardga ko‘paytirib olganlar. Sobiq prezident Donald Trampning umumiy prezidentlik davrida bu ko‘rsatkich $860 milliardni tashkil etgan.

Avvalroq Spot, prezident Bayden AQSh iqtisodiyotini rivojlantirish bo‘yicha uchinchi yirik tashabbusni taklif etganligi haqida xabar bergan edi.