Shavkat Mirziyoyev raisligida uzumchilik sohasidagi mavjud muammolar va tarmoqni rivojlantirishga bagʻishlangan yigʻilish boʻlib oʻtdi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar bermoqda.

Davlatimiz rahbari uzumni qayta ishlash va tayyor mahsulotga aylantirishning to‘liq siklini yaratish uchun vinochilik klasterlari tashkil etish kerakligini ta’kidladi.

Ularga uzumni qayta ishlash, mayiz quritish va qadoqlash uskunalarini sotib olish uchun moliyaviy imtiyozlar beriladigan bo‘ldi. Shuningdek, tabiiy vinolarga nisbatan aksiz solig‘i bekor qilinishi belgilandi.

Eksport imkoniyatlari tahlil qilinar ekan, joriy yilda xo‘raki uzum eksportini $200 mlnga, mayizbop uzum eksportini $130 mlnga, tabiiy uzum vinosi eksportini $50mlnga yetkazish mumkinligi aytildi.

Uzum navlarining milliy brendini yaratib, xorijda targ‘ib etish, salohiyatli bozorlar bilan fitosanitar kelishuvlarga erishish bo‘yicha topshiriqlar berildi.

Oldinroq, Spot uzumchilikda ishlatiladigan asbob-uskunalar va texnikalar bojxona toʻlovlaridan ozod etilishi haqida ma’lumot bergan edi.