Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida uzumchilik sohasidagi mavjud muammolar va tarmoqni rivojlantirishga bagʻishlangan yigʻilish boʻlib oʻtdi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar bermoqda.

Davlat rahbarining maʼlum qilishicha, endi shpaler oʻrnatish xarajatlarining 30% gacha qismi byudjetdan qoplab beriladi, shuningdek, uzumchilikda ishlatiladigan asbob-uskunalar va texnikalar bojxona toʻlovlaridan ozod etiladi.

Samarqand (80 gektar), Jizzax (50 gektar), Qashqadaryo (50 gektar) va Toshkent (20 gektar) viloyatlarida yirik koʻchatchilik komplekslari barpo etiladi.

Shuningdek, Forish (900 gektar), Oltinsoy (330 gektar), Ishtixon (310 gektar) va Yangiobodda (210 gektar) sanoatbop uzum yetishtirish boʻyicha dastlabki 4ta yirik klaster tashkil etiladi.

Ushbu klasterlarga uzumni qayta ishlash uskunalarini sotib olish xarajatlarining 20%i qoplab beriladi. Shuningdek, mayiz quritish va qadoqlash liniyalarini barpo etish xarajatlarining 20% gacha subsidiya ajratiladi.

Taʼkidlanishicha, yetishtirilgan hosilning 30%i eksport qilinsa, daromad va mulk soliqlari 30% ga, eksport 30% dan oshsa, 2 baravarga kamaytiriladi.