Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi (Markaz) tomonidan ko‘chmas mulk va avtomobil bozorlarida talab o‘zgarishi muntazam ravishda tahlil qilib kelinmoqda.

Mazkur bozorlarda talab o‘zgarishi O‘zbekistonda iqtisodiy faollik tiklanganini ko‘rsatmoqda. Bu haqda Markaz matbuot xizmati Spot’ga xabar berdi.

Joriy yilning iyun oyida mamlakatimizda ko‘chmas mulk bo‘yicha rasmiylashtirilgan shartnomalar soni 21,5 mingtani tashkil etdi; bu may oyiga nisbatan 16,8%ga ko‘proqdir.

Tahlil natijalari shuni ko‘rsatadaki, ipoteka krediti va ko‘chmas mulk savdosi o‘rtasida sezilarli darajada bog‘liqlik mavjud. Ipoteka kreditlari sonining 10% ga oshishi ko‘chmas mulk oldi-sotdisining o‘rtacha 6,7% ga o‘sishiga olib keladi.


2021-yilning yanvar-may oylarida aholiga berilgan ipoteka kreditlari hajmi 2,77 trln. so‘mni tashkil etgan bo‘lsa, ushbu kreditlar soni 21,1 mingtaga yetdi.

Viloyatlar kesimida mazkur davrda eng ko‘p ipoteka kreditlari berilgan hududlar Toshkent shahri (4012, hajmi — 809,4 mlrd. so‘m), Farg‘ona (2122, hajmi 248,1 mlrd. so‘m), Surxondaryo (1782, hajmi 185,1 mlrd. so‘m), Toshkent (1524, hajmi 185,1 mlrd. so‘m) va Andijon (1508, hajmi 226,7 mlrd. so‘m) bo‘ldi.