Telegram messenjeri Twitter va Facebook singari koronavirusga oid “feyk” postlarni bloklamaydi, chunki resurs maʼmuriyati foydalanuvchilarning nimaga ishonishini hal qilishni xohlamaydi.
“Senzura koʻpincha notoʻgʻri fikrlarga qarshi kurashni murakkablashtiradi,” — deb yozadi messenjer asoschisi Pavel Durov oʻz kanalida.
Milliarderning soʻzlariga koʻra, bir yil oldin virus Uxan laboratoriyasidan kelib chiqqan degan fikr fitna nazariyasi sifatida rad etilgan, hozirda olimlar bu versiya haqida tobora koʻproq gapirishmoqda.
Telegram asoschisining soʻzlariga koʻra, koronavirus haqida yolgʻon maʼlumotni blokirovka qilish foydalanuvchilarning ijtimoiy tarmoqqa boʻlgan ishonchini xavf ostiga qoʻyadi. Durovning taʼkidlashicha, haqiqatni tarqatish har doim senzurani qoʻllagandan koʻra samaraliroq strategiya boʻladi.
“Men diskussiya (munozara) platformalarida ishlaganimda, fitna nazariyalari har safar moderatorlar tomonidan olib tashlanardi, biroq ular bundan keyin baribir kuchayib borayotganini payqadim. Yolgʻon gʻoyalar tarqalishiga senzura yordam bermaydi, koʻpincha ularga qarshi kurashishni qiyinlashtiradi”, — dedi tadbirkor.
Telegram jamoasi 19 ta mamlakat hukumatlari bilan rasmiy manbalardan foydalanuvchilarga koronavirus haqidagi soʻnggi maʼlumotlarni yetkazib borgan. Shuningdek, tadbirkor turli davlatlarning rasmiylarini foydalanuvchilarni pandemiya toʻgʻrisida xabardor qilib, messenjer ilgari surayotgan tashabbusga qoʻshilishga chaqirdi.
May oyining oxirida Facebook koronavirus sunʼiy ravishda yaratilgani haqidagi xabarlarni oʻz platformasidan olib tashlamaslikka qaror qildi. Oʻzi-oʻzidan tarmoqda senzura yoʻqoldi. Shundan keyin AQSh prezidenti Jo Bayden esa Facebook-ni odamlar hayotiga xavf solishda aybladi.