Prezidentning 5.08.2021-yildagi “Mahallalarda tadbirkorlikni yanada qoʻllab-quvvatlash va tadbirkorlik sub’yektlari bilan aholi oʻrtasida kooperatsiyani rivojlantirishning qoʻshimcha chora-tadbirlari toʻgʻrisida"gi PQ-5214-son qarori qabul qilindi.

Hujjatda qayd etilishicha, Andijon viloyatida ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishdan ortda qolayotgan va ishsizlik darajasi yuqori boʻlgan 210 ta mahalla aniqlangan.

Ularga, Prezidentning 2021-yil 21-iyundagi PQ-5154-son qaroriga muvofiq hamda tadbirkorlikni yanada qoʻllab-quvvatlash, shuningdek, tadbirkorlik subyektlari va xonadonlar oʻrtasida iqtisodiy kooperatsiyani kengaytirish uchun $40 mln ekvivalentidagi mablagʻlar ajratilgan.

“Mahallabay” va “xonadonbay” ishlash asosida “ogʻir” mahallalarda tadbirkorlikni yanada qoʻllab-quvvatlash boʻyicha yangicha yondashuvni (“Andijon tajribasi”) respublikaning boshqa hududlariga ham tatbiq etish uchun davlat ulushiga ega boʻlgan tijorat banklariga $100 mln ekvivalentidagi mablagʻlar ajratiladi.

Ularni alohida tasdiqlanadigan taqsimotga asosan Tiklanish va taraqqiyot jamgʻarmasi 3 yillik imtiyozli davr bilan 7 yil muddatga 7 foiz stavkada ajratadi. Hujjat bilan respublika hududlari kesimida “Andijon tajribasi” asosida “mahallabay” ishlash tizimi joriy etiladigan mahallalar soni va ajratiladigan resurs miqdori tasdiqlandi.

Tijorat banklari tomonidan kreditlar “ogʻir” mahallalarga biriktirilgan “yetakchi” tadbirkorlik sub’yektlariga bitta mahalla uchun 2 mlrd soʻmgacha miqdorda ajratiladi.

Ular kooperatsiya asosida kichik biznesni va oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirishga koʻmaklashish uchun 3 yil muddatgacha yillik 10% stavkada ajratiladi. Ularga Tadbirkorlik faoliyatini qoʻllab-quvvatlash davlat jamgʻarmasi tomonidan kredit summasining 75%i miqdorigacha kafillik beriladi.