Joriy yilning fevral oyida ipoteka kreditlari berish bo’yicha shartlar o’zgargan edi. Nizomga ko‘ra, Moliya vazirligi tomonidan banklarga ajratiladigan mablag‘lar va banklar tomonidan qarz oluvchilarga beriladigan ipoteka kreditlari 20 yildan ko‘p bo‘lmagan muddatga bozor stavkasida ajratiladi.

Mart oyiga kelib ipoteka uchun davlat subsidiyasini olishga ariza berish tizimi yo’lga qo’yildi. Bu Yagona portal orqali amalga oshiriladigan bo’ldi.

Avgust oyining boshida yangi tartib bo’yicha ipoteka kreditlari asosida quriladigan uylar miqdori oshirildi. Unga ko’ra, 2021-yilda yangi tartib boʻyicha ipoteka kreditlari asosida quriladigan uylarning soni 2006 taga koʻpaytirilib, 35 120 ta etib belgilandi.

Shuningdek, ipoteka kreditlari boʻyicha ajratiladigan subsidiya miqdori 960,4 mlrd. soʻmdan 1 trln 97 mlrd soʻmga oshirildi.

️Qishloq joylaridagi uy-joylarga boshlangʻich badal uchun subsidiyaning eng koʻp miqdori 28 mln soʻmdan 31 mln 500 ming soʻmga koʻpaytirildi.

Hozirgi kunda fuqarolar o’rtasida tug’ilayotgan savol daromad miqdori pastligida qanday qilib ipoteka krediti olish bilan bog’liqdir.

Markaziy bank mas’ul xodimi Sunnatulla Xolmurodov atroflicha javob berdi.

“Yangi tartib doirasida kredit to’lovi uchun qarz yuki ko’rsatkichi 70% dan yuqori bo’lmasligi lozim. Agar fuqaroning daromadlari yetmagan taqdirda bir uyda yashamaydigan yaqin qarindoshlarining daromadlarini kafillik sifatida kiritishi mumkin. Bunda qarindoshning yillik o’rtacha ish haqi miqdori taqdim etilishi talab etiladi”.

Shuningdek, Ipotekani qayta moliyalashtirish kompaniyasi va boshqa tijorat banklari tomonidan ajratiladigan kredit miqdori qarz yuki ko’rsatkichining 50 foizidan oshmagan holda taqdim etiladi. Daromad miqdori yetrali bo’lmasa bir uyda yashaydigan qarindoshlari ish haqi ham ko’rsatib o’tilishi mumkin. Agar fuqaroning xo’jalik yuritish subyektidan tushadigan daromadi mavjud bo’lsa soliq organlari tomonidan deklaratsiya tarzida taqdim etilishi ko’zda tutiladi.