“Shaharsozlik hujjatlarini ekspertizadan o‘tkazish tartibotlarini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” Huqumat qarori qabul qilindi.
Qarorga muvofiq, 2021-yil 1-oktyabrdan shaharsozlik hujjatlari ekspertizasini amalga oshirishda:
- shaharsozlik hujjatlari “Shaffof qurilish” milliy axborot tizimi orqali ko‘rib chiqiladi;
- davlat mablag‘lari, davlat kafolatiga olingan tashqi investitsiya mablag‘lari hisobiga amalga oshiriladigan ishlarning loyiha hujjatlari “Shaharsozlik hujjatlari ekspertizasi” DUK yoki uning hududiy filiallari tomonidan ko‘rib chiqiladi;
- boshqa manbalar hisobidan moliyalashtiriladigan obyektlar loyiha hujjatlari akkreditatsiya qilingan yuridik shaxslar, “Shaharsozlik hujjatlari ekspertizasi” DUK yoki uning hududiy filiallari tomonidan ko‘rib chiqiladi;
- ijobiy ekspertiza xulosalari “Ekspertiza xulosalarining yagona reyestri"ga kiritilgan taqdirda haqiqiy deb tan olinadi;
- ekspertizadan o‘tkazganlik uchun xizmatlar haqini tabaqalashtirilgan tartibda hisoblash tizimi joriy etiladi;
- loyiha hujjatlarini ko‘rib chiquvchi ekspert — mutaxassislarni attestatsiyadan o‘tkazish va ularni sertifikatlash tizimi yo‘lga qo‘yiladi.
Qaror bilan Obyektlarni qurish, rekonstruksiya qilish, mukammal va joriy taʼmirlash bo‘yicha shaharsozlik va loyiha hujjatlarining loyihaviy yechimlarini shaharsozlik hujjatlariga muvofiqligi yuzasidan ekspertizadan o‘tkazish tartibi to‘g‘risidagi nizom tasdiqlandi.
️Nizomga muvofiq, quyidagi obyektlarning loyiha hujjatlarini ekspertizadan o‘tkazish majburiy emas:
- mavsumiy ishlar uchun vaqtincha va maishiy binolar;
- 300 kub metrdan ortiq bo‘lmagan alohida qurilayotgan kichik hajmdagi obyektlar;
- ikki qavatdan yuqori bo‘lmagan (sokolni hisobga olmagan holda) balandligi yer yuzidan 12 metrdan va (yoki) umumiy maydoni 500 kvadrat metrdan ortiq bo‘lmagan yakka tartibdagi uy-joylar;
- joriy taʼmirlanadigan binolar, inshootlar.