Pekin sudi Tesla kompaniyasi haydovchi Xan Chao tomonidan $58 mingga sotib olingan Tesla Model S rusumli avtomashina kapital taʼmirtalab boʻlganini aniqladi, deb yozadi Bloomberg.

2019-yil may oyida Xan Chao rasmiy ishlatilgan avtomobil platformasida zaxiralangan Tesla Model S modelini sotib oldi, oʻshanda unga mashina “katta baxtsiz hodisalar yoki konstruktiv shikastlanishlarga uchramagan"ligi aytilgan edi.

2019-yil avgust oyida mashina foydalanish paytida oʻchib qoldi va Xan Tesla-ga ushbu muammoni bartaraf etishni, yaʼni yangisiga alishtirib berishlarini soʻradi. Lekin kompaniya faqat nuqsonli qismlarni almashtirishni taklif qilgan.

Avtoulov egasi mashinani ekspertizaga yubordi, u yerda mashinaning orqa yon panellarida kesish va payvandlash izlari topildi. Xan oʻzi sotib olgan mashina avval avariyaga uchraganini bildi. Shunday qilib, dekabr oyida u kompaniyani sudga berdi.

Tesla endi mashinani qaytarishi va sotib olingan summaning uch barobari miqdorida tovon puli toʻlashi kerak. Toʻlanishi kerak boʻlgan umumiy summa $233 000 ni tashkil etdi.

Xitoy matbuoti xabariga koʻra, bu Tesla-ning Xitoydagi birinchi yirik jarimasi. Avtomobil ishlab chiqaruvchisi sud qaroridan shikoyat qilmoqchi va Xan Chaoni tuhmatda ayblab, sudga qayta murojaat qilishga harakat qilib koʻradi.