“O‘zbekneftgaz” AJ Axborot kommunikatsiya texnologiyalari bo‘limi xodimlari Isroilning “SYBER HUB” kompaniyasi vakillari bilan hamkorlik masalalarini muhokama etishdi.

Bugungi kunda “CYBER HUB” — kiberxavfsizlik xizmatlarini ko‘rsatuvchi dunyodagi yirik kompaniyalardan biri hisoblanadi. Iqtisod, sanoat, transport va tibbiy korporatsiyalarni o‘z ichiga olgan biznes sektorlariga o‘zining kiberxavfsizlik xizmatlarini ko‘rsatadi. Kompaniyaning Singapur, Isroil, Fransiya va AQSHda 4 ta idorasi mavjud bo‘lib, ular sakkizta hukumatning axborot tizimini himoya qiladi.

“O‘zbekneftgaz” AJ vakillari uchrashuvda ushbu kompaniyaning zamonaviy yirik korxonalarning axborot xavfsizligini ta’minlash borasida amalga oshiradigan xizmatlari bilan tanishishda va uni amalga tadbiq etish masalalarini muhokama qilishdi.

“CYBER HUB” vakillari yirik neft va gaz kompaniyalarining biznes va boshqaruv tizimlarida vujudga kelgan tahdid tufayli sanoat uskunalarini ishdan chiqishi va katta yo‘qotishlarga sabab bo‘lgan holatlardan misollar keltirishdi.

Shuningdek, xorijlik mutaxassislar fikriga ko‘ra, korxonada mijozlar va ishlab chiqarish uskunalarida sodir bo‘ladigan barcha hodisalar haqida ma’lumot to‘plovchi axborot manbai bo‘lib xizmat qiladigan Xavfsizlik operatsion markazi (Security Operational Center — SOC)ni tashkil etish muhim hisoblanadi.

“CYBER HUB” kompaniyasi foydalanuvchining noodatiy xatti-harakatlari va axborot tizimlariga solinadigan xavf va tahdidlar ko‘lamini o‘z vaqtida aniqlash uchun barcha zamonaviy vositalarga ega.

Shuningdek, uchrashuvda “SYBER HUB” vakillari tomonidan kiberxavfsizlik xizmatlar, jumladan, elektron pochta xavfsizligi, bulutli xavfsizlik, Secure Gateway, tarmoq xavfsizligi, axborot xavfsizligi, barcha turdagi qurilmalarning mobil himoyasi, maxfiy ma’lumot o‘g‘irlanishidan himoyalanish xizmatlari bo‘yicha batafsil ma’lumotlar taqdimoti ham o‘tkazildi.