“Uzbekistan Airports” AJ xorijiy aviakompaniyalar tomonidan amalga oshiriladigan muntazam qatnovlarga yerusti xizmat koʻrsatish tariflari va yigʻimlarining yangi roʻyxatini tasdiqladi. Bu haqda kompaniya matbuot xizmati xabar bermoqda.

Oʻrtacha tariflarning pasayishi 15% ga teng boʻladi. Narxlar va toʻlovlarning yangilangan roʻyxati 31-oktyabrdan, IATA 2021/2022 qish mavsumining boshidan boshlab kiritiladi. Xususan, quyidagi xizmatlar uchun stavkalar va toʻlovlar pasaytirildi:

  • samolyotning qoʻnish va chiqish yoʻlagini taʼminlash;
  • yoʻlovchilarning aviatsiya xavfsizligini taʼminlash;
  • samolyotning aviatsiya xavfsizligini taʼminlash;
  • aerovokzaldan foydalanish;
  • yoʻlovchilarga xizmat koʻrsatish;
  • CUTE platformasiga kirish.

“Aviakompaniyalar uchun tariflarning pasayishi amalga oshirilayotgan reyslar narxini pasaytirish va yoʻlovchilar uchun aviachiptalar narxi arzonlashishi uchun zarur shart-sharoitlar yaratadi. Yana bir muhim qadam shundaki, biz vositachilarsiz, toʻgʻridan toʻgʻri aviakompaniyalar bilan shartnomalar ustida ishlayapmiz. Yaʼni aeroport toʻgʻridan toʻgʻri aviakompaniya bilan shartnoma tuzadi va aviakompaniya faqat kerakli xizmatlarni sotib oladi”, — dedi Uzbekistan Airports AJ boshqaruvi raisi Raʼno Joʻrayeva.

Eslatib oʻtamiz, “Uzbekistan Airports” AJ ikkinchi marta aviatashuvchilar uchun tariflarni pasaytirmoqda. Narxlar va toʻlovlarning birinchi pasayishi 31-martdan boshlab-yozgi jadvalga oʻtish bilan-oʻrtacha 27% edi.

Avvalroq Spot Uzbekistan Airways mahalliy aviaqatnovlar sonini oshirganligi haqida yozgan edi.