IT Park tashabbusi bilan joriy yilning 1-noyabridan boshlab “Jizzax” EIZ direksiyasi bilan hamkorlikda keyinchalik ishga joylashish imkoniyatiga ega korporativ akselerator uchun arizalar qabul qilinmoqda.

Akseleratorda “Nurli Toʻlqin Servis”," Evergreen Agriculture", “Mingyuan Silu Industry”, “ADM Jizzakh” va “Global Optical Communication Uzbekistan” kabi ishlab chiqarish kompaniyalarining turli biznes muammolarini hal qilish uchun innovatsion loyihalarni ishlab chiqishga qiziqqan talabalar, yosh tadbirkorlar, startap asoschilari va yosh olimlar ishtirok etishlari mumkin.

Akseleratorning asosiy maqsadi mamlakatimizdagi yirik korxonalarda biznes jarayonlarini avtomatlashtirish uchun yoshlar tomonidan ishlab chiqilgan innovatsion yechimlarni joriy etishdan iborat.

“Jizzax” erkin iqtisodiy zonasidagi ishlab chiqarish korxonalari barcha manfaatdor akselerator ishtirokchilariga faoliyat va ishlab chiqarish jarayonlarini o‘rganish imkoniyatini beradi.

Kelgusi 6 oy davomida navqiron avlod vakillariga yuqoridagi kompaniyalarning tajribali mutaxassislari hamroh bo‘lib, ularga startapni rivojlantirishda har tomonlama yordam ko‘rsatadilar.

Belgilangan muddat tugagach, yosh mutaxassislarga korxona rahbarlariga ishlab chiqarish ishlarini soddalashtirish bo‘yicha o‘z startap loyihalarini taqdim etish imkoniyati beriladi.

Eng yaxshi loyihalar mualliflari potensial biznes yechimlarini yanada samaraliroq amalga oshirish uchun startap loyihasini birgalikda amalga oshirish bo‘yicha taklif olishlari mumkin bo‘ladi.

Korporativ akseleratorda ishtirok etish uchun arizani quyidagi havoladan to’ldirishingiz kerak.