Spot avval yozganidek, Oʻzbekistonda oktyabr oyida inflyatsiya yillik 10,6% ni tashkil etdi. Davlat statistika qoʻmitasi yil boshidan buyon narxlar 7,3% ga, soʻnggi 12 oyda esa 10,6% ga oshganini maʼlum qildi.

Narxlar oʻsishi tezlasha boshladi. Markaziy bank bu haqda izoh berdi va ushbu koʻrsatkichga eng kuchli taʼsir koʻrsatgan mahsulotlarni taʼkidladi.

Oziq-ovqat

2021-yilning oktyabr oyida isteʼmol tovarlari va xizmatlari narxlari 1,3% ga oshdi. Yillik hisobda esa narxlar oʻsishi 10,6% ni tashkil etdi.

Oktyabr oyida umumiy inflyatsiya darajasining oʻsishiga oziq-ovqat tovarlari narxlari oshishi yuqori taʼsir koʻrsatib, guruhning oshiruvchi taʼsiri 0,8% bandni tashkil qildi.

Nooziq-ovqat mahsulotlari (umumiy inflyatsiyaga taʼsiri 0,4% band), xususan, yoqilgʻi, maishiy buyumlar, kiyim va poyabzallar, shuningdek, xizmatlardan (umumiy inflyatsiyaga taʼsiri 0,1% band) sogʻliqni saqlash, restoran va mehmonxona xizmatlari narxi oʻsishi umumiy inflyatsiyani oshiruvchi asosiy komponentlar boʻldi.

Oziq-ovqat mahsulotlari guruhida goʻsht mahsulotlari narxining oylik oʻsishi 1,9% ni tashkil etdi. Buni parranda goʻshtining oshishiga (3,6%) yetishtiruvchilar tomonidan taklifning kamayganligi, ozuqa-yem narxining yuqoriligi hamda isitish xarajatlarining mavsumiy oshganligi bilan izohlash mumkin.

Yuqoridagi holatlar tuxum narxiga (11,2%) ham oshiruvchi taʼsirni saqlab qoldi. Shuningdek, ushbu mahsulotning qoʻshni davlatlarga faol tarzda eksport qilinishi ichki bozorlardagi narxlarga ham taʼsir koʻrsatmoqda.

Bugʻdoy unlari narxining oshishi (birinchi navli — 2,0% ga, oliy navli 1,4% ga) joriy yil mamlakatimizda bugʻdoy hosilining rejaga nisbatan kam boʻlganligi, Rossiya va Qozogʻistondagi qurgʻoqchilik tufayli gʻalla hosilining prognoz koʻrsatkichlariga yetmaganligi, shuningdek, ushbu davlatlardan eksport boji tariflarining oshib borishi bilan izohlash mumkin.

Oktyabr oyida nooziq-ovqat tovarlari narxining oʻsishi 0,4% bandga tezlashib, 1,1% ni tashkil etdi.

Yoqilgʻi

Dunyoda muqobil energiya resurslari yetishmasligi bilan bogʻliq muammolar sharoitida yoqilgʻi mahsulotlariga boʻlgan talabning ortib borishi va jahon bozoridagi narxining oʻsib borishi ichki bozorda yoqilgʻi mahsulotlari narxiga oshiruvchi taʼsir koʻrsatdi. Xususan, avtomobil benzini narxi oktyabr oyining oʻzida 13,5% ga oʻsdi.

Ishlab chiqarish

Jahon bozorida xomashyo narxining qimmatlashib borishi bilan bir qatorda, yarim oʻtkazgichlar va konteynerlarning yetishmasligi, transport va logistikadagi muammolar ishlab chiqarish hamda yetkazib berish xarajatlarining oshib ketishi import mahsulotlari, jumladan, kiyim-kechaklar va maishiy tovarlar narxiga oshiruvchi bosimni saqlab qolmoqda. Oktyabr oyida kiyimlar 0,8% ga oʻsgan boʻlsa, maishiy texnika buyumlari — 1,8% ga qimmatlashdi.