Ijtimoiy tarmoqlarda Moskvada Chevrolet avtomobillarini olib ketayotgan avtotreylerning yonayotgani aks etgan video tarqaldi.

UzAuto Motors kompaniyasi mazkur holatga munosabat bildirib, yongʻin oqibatida 3 ta avtomobil zarar koʻrganini maʼlum qildi.

“Dastlabki maʼlumotlarga koʻra, yongʻin Rossiya avtomobil tashuvchisiga tegishli avtotreylerning salonida mahalliy dilerlar oʻrtasida avtomobil tashishni amalga oshirish vaqtida sodir boʻlgan. Avtotreyler kabinasidagi alanga avtomobillar boʻlgan treylerga tarqalgan. Natijada 8 ta avtomobildan 3 tasi zarar koʻrgan. Hodisadan avtotreyler haydovchisi jabrlanmagan”, deyiladi kompaniya xabarida.

Qayd etilishicha, voqea Moskva viloyati hududida avtomobillarni mijozga olib oʻtish vaqtida yuz bergan. Barcha tashilgan avtomobillar sugʻurtalangan boʻlib, ular rossiyalik mijozga tegishli boʻlgan. Hozirda zaruriy yongʻin-texnik ekspertizasi oʻtkazilib, yongʻinning kelib chiqish sabablari oʻrganilmoqda.