Markaziy bankning xabar berishicha, UZCARD va HUMO toʻlov tizimlari joriy yildagi oʻzaro integratsiyalashuvning birinchi bosqichini yakunladi.

“Shu tariqa har ikkala tizim terminallarida toʻlovlarni qabul qilish amaliyoti namoyish etildi. Yaqin kelajakda kassir tomonidan har bir karta uchun turli terminallarning taklif qilinishi shart boʻlmaydi — savdo va xizmat nuqtalari ikkala toʻlov tizimiga xizmat koʻrsatadigan bitta apparatga ega boʻladi”, deyiladi xabarda.

Ilgari terminallarda cheklovlar mavjud boʻlgan boʻlsa, endilikda bitta terminalda ham UZCARD, ham HUMO kartalariga xizmat koʻrsatish mumkin boʻladi.

Toʻlov tizimlarining hamkorligi bozor ehtiyojlarini yanada faolroq aniqlash va zarur yechimlarni taqdim etish imkonini beradi.

Terminal har ikkala turdagi kartalarni qabul qilishni boshlashi uchun uni yangilash kerak. Yaqin vaqt ichida banklarga bunday yangilashni amalga oshirish uchun zarur koʻrsatmalar beriladi.

Shuningdek, integratsiya memorandumi doirasida UZCARD va HUMO toʻlov infratuzilmasining ishonchliligi hamda axborot xavfsizligini taʼminlash boʻyicha loyihalarni amalga oshiradi.

Avvalroq Spot “UZCARD” va “Мир” oʻrtasidagi xalqaro pul oʻtkazmalari xizmati qayta tiklanganligi haqida yozgan edi.