“АвтоВАЗ"ning sobiq top-menejeri Aleksandr Bredixin “UzAuto Motors"ning marketing direktori boʻldi. Bu haqda “Российская газета” uning Facebook-dagi sahifasiga tayanib xabar berdi.

“Mana, bu yangi burilish. Kechadan beri men „UzAvto Motors“ kompaniyasining Toshkentdagi ofisida marketing boʻyicha direktor boʻlib ishlayapman”, deb yozadi Bredixin.

Nashrning yozishicha, 2021-yil avgustida “UzAuto Motors” bosh direktori lavozimiga tayinlangan Bu Andersson uni Oʻzbekistonga taklif qilgan. Bungacha u 2013−2016-yillarda Voljskiy avtomobil zavodini boshqargan.

Bredixin “АвтоВАЗ” tuzilmalarida deyarli butun faoliyati — 1984-yildan boshlab 37 yil davomida ishlagan. 2003-yilda u Rossiya avtogigantining marketing boshqaruviga kirdi.

Xususan, Bredixin Lada dilerlik tarmogʻining rebrendingiga masʼul edi. 2017−2021-yillarda “АвтоВАЗ"ni tark etishdan oldin u Lada-Servis kompaniyasining xizmat koʻrsatish va savdo tarmogʻiga rahbarlik qilgan.

Nashrning yozishicha, “UzAuto Motors” kompaniyasining marketing boʻyicha direktori lavozimiga rossiyalik mutaxassisning jalb etilishi Andersson Rossiyaga eksportni kompaniya rivojlanishining asosiy omiliga aylantirishidan dalolat beradi.