Qurilish vazirligi aholini ipoteka kreditlari orqali uy-joy bilan taʼminlash va Yangi Oʻzbekiston massivlarini qurish boʻyicha prezident farmoni ijrosi yuzasidan maʼlumot taqdim etdi.

Qayd etilishicha, koʻp qavatli turar joylarning yertoʻla qismini foydali maydonga aylantirish yuzasidan respublikada amalda boʻlgan shaharsozlik faoliyati sohasidagi normativ hujjatlarga tegishli oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish masalasi manfaatdor vazirlik va idoralar takliflarini inobatga olgan holda qayta koʻrib chiqilgan.

Bosh loyiha institutlari tomonidan 5, 7, 9, 12 va 16 qavatli turar joy binolarining yarim yertoʻla qismida yashash xonadonlarini joylashtirish boʻyicha namunaviy loyihalar ishlab chiqildi. Unga muvofiq, barcha turdagi uy-joylar loyihalarida zamonaviy energiya tejamkor qurilish materiallaridan keng miqyosda foydalanish nazarda tutilgan.

Koʻp qavatli uy-joylar qurilishida energiya tejamkor materiallardan foydalanishni nazarda tutuvchi “Energiya tejamkor devorbop toʻsuvchi konstruksiyalar. Binolar qurilishida avtoklavli silikatli gazobeton konstruksiyalarini qoʻllash” nomli davlat standarti ishlab chiqildi. Mazkur standart Qurilish vazirligining texnik kengashida muhokamadan oʻtkazilgan.

Qurilish vazirligi saytida uy-joylar qurish davlat maqsadli dasturlari doirasidagi uy-joylar loyihalari, ular dislokatsiyasi (joylashuvi), soni, ishlatiladigan qurilish materiallari, koʻp kvartirali uy-joylar qurilishi narxi va boshqalarni oʻz ichiga olgan elektron maʼlumotlar bazasi yaratildi.

Avvalroq Spot har bir hududda kamida bittadan uy-joy qurilishi klasterlari tashkil etilishi haqida yozgan edi.