Elektron auksionda Toshkent shahrining Yakkasaroy tumanida joylashgan maʼmuriy bino bilan savdosi yakunlandi.

Narxni pasaytirish boʻyicha auksion 11-mart kuni boʻlib oʻtgan va 1 soat 35 daqiqa davom etgan. Yagona taklif Oʻzmilliybankning qoshidagi “NBU Invest Group” AJ tomonidan taqdim etilgan boʻlib, u 33,64 mlrd soʻmlik narx taklif qilgan.

Bobur va Nukus koʻchalari chorrahasida joylashgan 4 qavatli binoning maydoni 2884 kv.m.ni tashkil etadi, shundan 2590 kv.m foydali maydonga toʻgʻri keladi. Kadastr maʼlumotlariga koʻra, binoda 5 ta xona mavjud. Kommunikatsiyadan — elektr, suv taʼminoti va kanalizatsiya mavjud, lekin gaz tizimiga ulanmagan.

Bungacha aeroport hududidagi bino kamida 5 marta fuqarolik ishlari boʻyicha sudning hal qiluv qaroriga binoan auksion savdosiga qoʻyilgan. Birinchi savdo 2021-yilning avgustida boʻlib oʻtgan, oxirgisi esa (hozirgidan oldin) 28-fevralga belgilangan edi.

Avvalroq Spot Davaktiv Oʻzbekiston-Koreya qoʻshma korxonasi Uz-Shindong Siliconʼning 50% davlat ulushini auksionga qoʻygani haqida xabar bergan edi.