“O‘zavtosanoat” AJ boshqaruv raisi Shavkat Umurzoqov va bir qancha mutasaddi vakillar bilan birgalikda Italiyaning Turin politexnika universiteti rektori Guido Sarakko bilan uchrashdi.
Muzokaralar davomida 2023-yilda Toshkentda Italiyalik hamkorlar ko’magida “Shahar infrastrukturasida avtomobil intellektual tizimlarini o’rganish uchun laboratoriya” tashkil etish bo’yicha kelishuvga erishildi.
Shu bilan birga, “Sanoat ishlab chiqarish texnologiyalari” (Industrial manufacturing technologies) kasb-hunar ta’limining yangi yo‘nalishini ochish bo‘yicha kelishuvga erishildi.
Unga Italiyaning professor-o‘qituvchilari va mutaxassislari jalb etiladi. Ushbu ta’lim dasturi 2022−2023 o‘quv yilidan boshlab Toshkent shahridagi Turin politexnika universitetida amalga oshirilishi rejalashtirilgan.
Ushbu ta’lim dasturida 150 nafar talaba qabul qilinadi. 2023−2024 o‘quv yilidan boshlab Andijon mashinasozlik institutida yangi ta’lim dasturi joriy etiladi. Umuman olganda, 2026-yilgacha “Sanoat ishlab chiqarish texnologiyalari” dasturi bo‘yicha talabalar sonini 10 ming nafarga yetkazish ko‘zda tutilgan.
Talabalar amaliy mashg‘ulotlarining o‘quv rejasi bevosita sanoat va ishlab chiqarish korxonalari bilan hamkorlikda ishlab chiqiladi. Natijada bitiruvchilar o‘qishni tamomlagandan so‘ng, ish joyida ishlatishi mumkin bo‘lgan kasbiy ko‘nikmalarga ega bo‘ladilar.
Ma’lumot uchun: “Sanoat ishlab chiqarish texnologiyalari” o‘quv dasturi rivojlangan Yevropa davlatlarining ta’lim standartlari asosida ishlab chiqilgan bo‘lib, “Sanoat 4.0” (To‘rtinchi sanoat inqilobi) raqamli texnologiyalari, ilg‘or avtomatlashtirish va “Ekonom ishlab chiqarish” falsafasiga asoslangan kompaniyalarda ishlash uchun texnik ko‘nikmalarni shakllantirishga qaratilgan.
Yo’nalish bo’yicha ta’lim 3 o’quv yili davom etib, uning uchdan bir qismi nazariy bilimlarga, qolgan qismi esa ishlab chiqarishni tashkil etish sohasidagi eng yuqori kasbiy amaliy bilim va ko’nikmalarga, shuningdek, laboratoriya mashg’ulotlari asosida mutaxassislar tayyorlashga qaratilgan.
Bundan tashqari, tashrif dasturiga Italiyaning eng yirik metrologik va robot uskunalarini ishlab chiqarish kompaniyasining Turindagi “Hexagon"ga tashrifi ham kiritilgan.
Vakillar bilan bo‘lib o‘tgan uchrashuv natijasida Toshkent shahridagi Turin politexnika universiteti qoshida “Kompetensiya markazi” va “Yangi metrologik texnologiyalar laboratoriyasi” doimiy vakolatxonasining ochilishi to‘g‘risida kelishib olindi. Shuningdek, ushbu kompaniyaning Markaziy Osiyo va MDH mamlakatlari bozorlaridagi vakolatxonasi orqali xizmatlar ko‘rsatishni tashkil etish bo‘yicha kelishuvga erishildi.
Italiyalik hamkorlar barcha erishilgan kelishuvlarni amalga oshirish uchun 5 yillik strategik hamkorlik loyihasini ishlab chiqadi, uni amalga oshirish uchun Turin politexnika universiteti rektori Guido Sarakko boshchiligidagi ishchi guruh a’zolari yaqin kunlarda Toshkentga kelishi kutilmoqda.