Prezident qarori bilan dehqonlarga qishloq xo‘jaligi ekinlarini yetishtirish uchun 150 mln so‘mgacha garovsiz kreditlar beriladi.

Xususan, kreditlar bo‘yicha foiz to‘lovlari yillik 14% (shundan 3%i bank marjasi) miqdorida belgilanib, kreditlar 6 oygacha imtiyozli davr bilan 12 oy muddatgacha ajratiladi.

Kredit mablag‘larining 50%gacha bo‘lgan qismi qarz oluvchi talabiga asosan naqd pulda taqdim etiladi.

2023-yil va kelgusi yillar uchun davlat budjetidan qishloq xo‘jaligi ekinlari yetishtiruvchilarga hosilni sug‘urta qilish xarajatlarining 50%ni qoplash uchun Qishloq xo‘jaligini davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasiga mablag‘lar ajratiladi.

2022−2023 yillarda oziq-ovqat mahsulotlari yetishtiriladigan maydonlarni kamida 300 ming gektarga yetkazish belgilangan.

Shuningdek, hosildor urug‘ va ko‘chat navlarini, o‘g‘it va o‘simliklar himoyasi vositalarini joylarga yetkazib, dala yarmarkalarini o‘tkaziladi hamda ekinlar yer maydonlarida “bir kontur — bir mahsulot” tamoyili asosida joylashtiriladi.

Eksportni qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan uzum yetishtiruvchi qishloq xo‘jaligi korxonalarining aylanma mablag‘larini to‘ldirish uchun Bog‘dorchilik va issiqxona xo‘jaligini rivojlantirish jamg‘armasiga 2 yil muddatga, shu jumladan, 12 oylik imtiyozli davr bilan $10 mln miqdorida yillik 2% stavkada mablag‘ ajratiladi.

Sentabr oyida fermerlar va klasterlar foydalanishidagi paxta va g‘alladan qisqartirilgan yerlar aholiga ijaraga berilishi bo‘yicha prezident qarori qabul qilingandi.

Bunda joriy yil yakunigacha qo‘shimcha 20 ming, umumiy 100 ming gektar, 2023-yilda esa 95 ming gektar ekin maydonlarini aholiga ijaraga berish uchun ochiq elektron tanlov o‘tkaziladi.