Prezidentning tegishli qaroriga muvofiq, fermerlar va klasterlar foydalanishidagi paxta va g‘alladan qisqartirilgan yerlar aholiga ijaraga beriladi.

Bunda joriy yil yakunigacha qo‘shimcha 20 ming, umumiy 100 ming gektar, 2023-yilda esa 95 ming gektar ekin maydonlarini aholiga ijaraga berish uchun ochiq elektron tanlov o‘tkaziladi.

Ekin maydonlari 30 yil muddatga suv ta’minoti yaxshi bo‘lgan yerlardan — Andijon, Namangan va Farg‘ona viloyatlarida 0,15 gektardan 1 gektargacha yer ijaraga beriladi.

Boshqa viloyatlarda 0,30 gektardan 1 gektargacha hamda Qoraqalpog‘iston Respublikasida 0,30 gektardan 2 gektargacha bo‘lgan o‘lchamlarda yer ajratiladi.

Kam suvli yerlardan esa viloyatlarda 0,50 gektardan 1 gektargacha hamda Qoraqalpog‘istonda 0,50 gektardan 2 gektargacha bo‘lgan o‘lchamlarda ijaraga beriladi.

2022−2023 yillarda ekin maydonlarini aholiga berish uchun o‘tkaziladigan tanlovda 1 ta talabgor ishtirok etsa ham, istisno tariqasida, tanlov o‘tkazilgan hisoblanadi.

Issiqxona rivojlangan tumanlarda dehqon xo‘jaliklariga ajratib berilgan ekin maydonlarida isitish tizimlarini o‘rnatmagan holda yengil konstruktsiyali issiqxonalar qurilishiga ruxsat beriladi.

“Temir daftar”, “Ayollar daftari” va “Yoshlar daftari"ga kiritilgan aholiga dehqon xo‘jaligini uchun yer tanlov orqali ijaraga beriladi.

Lekin ular daftarlardan chiqarilmaydi va ular uchun barcha imtiyoz va preferentsiyalar bir yilga saqlab qolinadi.