Innovatsion rivojlanish vazirligining ma’lum qilishicha, 2021−2022 yillarda shartnoma majburiyatlarini bajarmagan va loyihalarni amalga oshirmagan tashabbuskorlarga nisbatan Toshkent tumanlararo iqtisodiy sudiga da’vo arizalari kiritilgan.

Xususan, 2019-yil 1-iyunda “Azizlar Texno Impek” bilan “Yotoq yarani oldini oluvchi qurilmani yaratish” bo‘yicha startap loyihani amalga oshirish shartnomasi tuzilgan.

Loyiha doirasida jamiyatga 260 mln so‘m mablag‘ o‘tkazilib, mazkur loyiha bir yil muddatda bajarilishi lozimligi belgilangan.

Biroq, tashabbuskor kalendar rejada belgilangan ishlarni o‘z vaqtida bajarmaganligi sabab 2021-yil oktabr oyida Toshkent tumanlararo iqtisodiy sudiga da’vo arizasi kiritildi hamda jamg‘arma foydasiga 260 mln so‘m mablag‘ undirilishi belgilandi.

O‘tgan yilning 10-iyunida “Ferangiz Farovon Textile"ning “Innovatsion texnologiyalar asosida yangi turdagi ortopedik mahsulotlar ishlab chiqarishni tashkil etish” startap loyihasini moliyalashtirish bo‘yicha shartnoma tuzilib,110 mln so‘m ajratilgan.

Tashabbuskor shartnoma shartlarini buzgani uchun joriy yilning 5-mayida sudga da’vo arizasi kiritilgan. Sudning 2022-yil 13-iyuldagi hal qiluv qaroriga asosan ajratilgan mablag‘lar vazirlik va jamg‘arma foydasiga undirilishi belgilangan.

Shuningdek, “Biofuel” bilan “Qattiq maishiy va kanalizatsiya chiqindilaridan bioyoqilg‘i ishlab chiqarish” startap loyihasini moliyalashtirish shartnomasi imzolanib, tashabbuskorga 850 mln so‘m berilgan.

“Biofuel” kompaniyasi shartnoma shartlarini qo‘pol ravishda buzganligi uchun mazkur mablag‘ni qaytarish yuzasidan da’vo arizasi kiritilgan.

Joriy yilning 1-noyabrida Toshkent tumanlararo iqtisodiy sudining hal qiluv qaroriga asosan, javobgar “Biofuel” hisobidan 850 mln so‘m qarzdorlikni va 20 mln so‘m sud xarajatlarini undirish belgilandi.

Yuqoridagilardan tashqari, shartnomaviy munosabatlarni buzganligi uchun vazirlik tomonidan “Microstandart Universal”, “Kiva Group”, “ADS SHOES” va “Sorgo-soriz"larga nisbatan talabnomalar chiqarilgan.

Avgust oyida vazirlik 7 ta loyihani moliyalashtirishni to‘xtatgandi. Unga ko‘ra, bajarilish muddati yakunlangan, monitoring natijasida salbiy baholangan loyihalarga sarflangan mablag‘larni hamda tasdiqlangan kalendar rejadagi tadbirlarni vaqtida bajarmayotgan loyihalarni moliyalashtirish bekor qilingan.