COVID-19 pandemiyasi asoratlari, Rossiyaning Ukrainaga urush e’lon qilishi u yoki bu darajada barcha mamlakatlar iqtisodiyotiga ta’sir ko‘rsatdi.

Global iqtisodiy faollik kutilganidan ko‘ra kengroq va keskinroq sekinlashuvni boshdan kechirmoqda, inflyatsiya bir necha o‘n yillar davomida kuzatilgan darajadan yuqori.

Masalan, Xalqaro valyuta fondi global inflyatsiya 2023-yilda 6,5% atrofida bo‘lishini prognoz qilmoqda.

Iqtisodchilarning ogohlantirishicha, inqirozdan qochib qutulib bo‘lmaydi, yagona masala bu uning qanchalik chuqur bo‘lishi va qancha davom etishida.

Ekspert Doniyor Islamov “Spot"ga jahon hamda O‘zbekiston iqtisodiyotidagi vaziyat, inflyatsiya va noaniqliklar hamda inqiroz mamlakatga qanday imkoniyatlar taqdim etishi haqida so‘zlab berdi.


inflyatsiya, inqiroz, iqtisodiyot

Doniyor Islamov,

PricewaterhouseCoopers konsalting departamenti direktori.

O‘zbekiston iqtisodiyotida nimalar bo‘lyapti?

2022-yildagi yalpi ichki mahsulot (YaIM)ning o‘sishi (5,5−6%) 2021-yildagi o‘sishdan (7,4%) pastdir. O‘sish sur’atlarining sekinlashishi iqtisodiyotning deyarli barcha sohalarida o‘sish sur’atlarining 2021-yilga nisbatan pastligi bilan bog‘liq.

Xususan, qishloq xo‘jaligi (3,5%) va tog‘-kon sanoati (1%)dagi o‘sishning pastligi, shu bilan birga, AKT sohasida (23%) va qurilishda (6%) sezilarli o‘sish kuzatilayotganini misol tariqasida keltirish mumkin.

Tashqi savdo nuqtai nazaridan, agar 2022-yilning 9 oyi bilan 2021-yilning shu davrini solishtiradigan bo‘lsak, bu yerda o‘sish sur’ati hali ham yuqori. Eksport hajmi 36%ga oshib, $14 mlrd.ni tashkil etdi. Bunga hissa qo‘shgan 3 ta asosiy toifaga oltin (+$1,5 mlrd yoki 114%), turizm (+$0,8 mlrd yoki 316%) hamda neft va gaz mahsulotlari (+$0,3 mlrd yoki 51%) kiradi.

Importga kelsak, u 23%ga oshib, jami $22 mlrd.ni tashkil etdi. Uning o‘sishiga hissa qo‘shgan 3 ta asosiy toifaga mashina va uskunalar (+$1,2 mlrd yoki 17%), kimyoviy mahsulotlar (+$0,6 mlrd yoki 21%) va turizm (+$0,5 mlrd yoki 80%) kiradi.

Shunga asosan, umumiy savdo balansi deyarli $8 mlrd hajmida salbiy bo‘lmoqda — juda katta farq, ammo bu 2021-yil darajasiga yaqindir.

Inqirozdan qochib bo‘lmaydi

Jahon iqtisodiyoti stagflyatsiya yoqasida. Bu holat inflyatsiyaning yuqori sur’atlari va iqtisodiy o‘sish sur’atlarining pastligi bilan tavsiflanadi. Masalan, AQShda inflyatsiya darajasi 7%dan oshmoqda, bu so‘nggi 40 yildagi rekord ko‘rsatkichdir. Inflyatsiyani pasaytirish uchun AQSh Federal zaxira tizimi foiz stavkalarini oshirmoqda, xususan, stavkalar 0,25−0,5% oralig‘idan 4,25−4,50% gacha ko‘tarildi.

Bu choralar inflyatsiya bilan bog‘liq vaziyat barqarorlashguncha davom etadi. Yuqori foiz stavkalari, mos ravishda, barcha kompaniyalar kreditlarni to‘lay olmasligiga olib keladi, va buning oqibatida kompaniyalar ehtimoliy xarajatlarni optimallashtiradi va xodimlarni ishdan bo‘shatadi.

Ko‘pgina yirik kompaniyalar (“Amazon”, “Morgan Stanley”, “Meta” va boshqalar) o‘z xodimlarini optimallashtirishni boshlaganini guvohi bo‘lyapmiz. Bularning barchasi, o‘z navbatida, talabning va iqtisodiy o‘sishning pasayishiga olib keladi. Yevropadagi vaziyat ham shunga o‘xshash, biroq undan ancha murakkab, bu yerda inflyatsiya 10% dan oshmoqda.

Dunyoning ikkinchi raqamli iqtisodiyoti va O‘zbekistonning eng yirik tashqi savdo sherigi bo‘lgan Xitoyda ham vaziyat noaniq. 2022-yilda kutilayotgan YaIM o‘sishi atigi 3%ni tashkil etadi. Taqqoslash uchun, 2021-yilda o‘sish 8%dan oshgan edi.

Xitoyning ko‘pgina qurilish kompaniyalari ko‘chmas mulkka bo‘lgan talabning kamayishi, shuningdek, ular uchun kredit shartlarining kuchaytirilishi sababli qiyin ahvolga tushib qoldi. Ko‘chmas mulk sektori YaIMning 24%ini tashkil etadigan mamlakat uchun (yakuniy talab bo‘yicha hisoblanganda), bu sektorda yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan inqiroz, umuman olganda, iqtisodiyotni zaiflashtirishi mumkin.

Bu O‘zbekiston iqtisodiyotiga qanday ta’sir qiladi?

Iqtisodiyotdagi mavjud vaziyatga eng ko‘p ta’sir qiladigan uchta omil mavjud:

1. Moliyalashtirishni jalb qilish xarajatlari. O‘tgan yilning o‘zidayoq O‘zbekiston suveren obligatsiyalarining daromadliligi bugungi kunda 4,5% dan 8,5% gacha oshdi. Xalqaro bozorlarda qarz olish narxining oshishi mamlakat ichidagi yangi kreditlari va depozitlar stavkalarining oshishiga olib keladi.

2. Inflyatsiya bosimi. Energetika va oziq-ovqat mahsulotlari narxlarining o‘sishi O‘zbekistonga ta’sir qilmasligi mumkin emas. 2022-yilda inflyatsiya 12,3%ni tashkil etdi, o‘tgan yili bu ko‘rsatkich 10%ga yaqin edi.

Oziq-ovqat sohasida inflyatsiya juda yuqori (15%), shuningdek, mehmonxona va restoranlar (20%), sog‘liqni saqlash (14%) kabi xizmatlar sohasida ham narxlar sezilarli darajada oshdi. 2023-yilda inflyatsiya bosimi davom etadi.

3. So‘mning ayirboshlash kursi. 2022-yilda jahon bozorlari valyuta kurslarida juda kuchli o‘zgaruvchanlik kuzatildi. Masalan, yevro kursi yil boshidan 8% ga tushib ketdi va AQSh dollari bilan deyarli teng bo‘lib qoldi, ayni damda Britaniya funt sterlingi ham dollar bilan deyarli teng qiymatga tushib ketdi.

Shu bilan birga, so‘mning kursi 4%ga pasaygan. Agar biz 2023-yilda global resessiyani kuzatadigan bo‘lsak, so‘m kursiga bosim sezilarli darajada oshadi, chunki bunday vaziyatda ko‘plab investorlar AQSh dollariga o‘tadi.

Bir qator xavf-xatarlar mavjud bo‘lsa-da, xalqaro tashkilotlar O‘zbekiston iqtisodiyotining 2023-yilda taxminan 5%ga o‘sishi kutilayotganini aytishmoqda.

Imkoniyatlar oynasi

Mintaqadagi geosiyosiy inqiroz va O‘zbekiston iqtisodiyoti ko‘plab muammolarga duch kelayotgan bir paytda, uning uchun ham imkoniyatlar oynasi ochilmoqda. Birinchidan, albatta, bu tashqi savdodagi imkoniyatlar. O‘zbekiston 2022-yilning 9 oyida Rossiyaga eksport hajmini 50% ga oshirdi.

Rossiya ishlab chiqaruvchilari va chakana sotuvchilari Yevropa va boshqa ba’zi mamlakatlarning tovarlarining o‘rnini bosa oladigan yetkazib beruvchilarni faol ravishda qidirishmoqda. Masalan, to‘qimachilik kompaniyalari uchun bu avvallari faqat xalqaro brendlardan iborat bo‘lgan bozor segmentlariga kirish uchun yaxshi imkoniyatdir.

O‘zbekistonda Rossiya brendlari buyurtma asosida ishlaydigan ishlab chiqaruvchilar bor, ammo xorijda o‘z brendlarini jiddiy darajada rivojlantirayotgan “mahalliy chempionlar” hozircha yo‘q. O‘ylaymanki, mahalliy ishlab chiqaruvchilar uchun davlat tomonidan eksportni imtiyozli tarzda moliyalashtirishni oshirish ham foydali bo‘lgan bo‘lardi.

Rossiyadagi joriy savdo cheklovlaridan kelib chiqib, rus ishlab chiqaruvchilari uchun maxsus iqtisodiy zonani yaratishni ham ko‘rib chiqishsa bo‘ladi.

Bundan tashqari, Rossiyaning ko‘plab kompaniyalari O‘zbekistonni potensial chiqish bozori sifatida ko‘ra boshlashdi, baʼzilari bu yerda vakolatxonalar yoki sho‘ba korxonalarini ochgan. Menimcha, bu birinchi navbatda iste’molchilar uchun foydali, chunki yangi mahsulot va xizmatlar paydo bo‘ladi hamda raqobat tufayli sifat oshadi.

Shuningdek, yana bir qiziq holat shundaki, ayrim investitsiya kompaniyalari va yirik tadbirkorlar aktivlarni diversifikatsiya qilish maqsadida O‘zbekistonga sarmoya kiritish va biznes sotib olish haqida o‘ylay boshladilar. Ular o‘z mol-mulki bizda xavfsiz ekanini, iqtisodiyot esa o‘sib borayotganini, talab mahalliy ishlab chiqarish orqali to‘liq qondirilmayotganini tushunishadi.

Relokatsiya masalasiga kelsak, dunyoda iste’dodlar uchun kurash ketayotgan bir davrda bu O‘zbekiston uchun, xususan, xizmat ko‘rsatish sohasini rivojlantirish uchun noyob imkoniyatdir. O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatish sohasi YaIMning 35%ini egallagan bo‘lsa, yuqori daromadli mamlakatlarda bu ko‘rsatkich 75%ni tashkil etadi.

Ko‘chib kelganlarning salmoqli qismi esa IT, moliya, konsalting, marketing kabi sohalarda tajribaga ega bo‘lgan mutaxassislardir. Ular mahalliy kompaniyalar uchun talab darajasida bo‘lgan tajriba va yosh mutaxassislarimiz bilan ulashishi mumkin bo‘lgan bilimlarga ega. Shu sababga ko‘ra, ushbu mutaxassislarni mamlakatda saqlab qolish uchun sharoit yaratish zarur. “IT Park"ning bu boradagi ishlari yaxshi misol bo‘la oladi.

Oltin muhim ahamiyatga ega

World Gold Council ma’lumotlariga ko‘ra, O‘zbekiston 2022-yil uchinchi chorakda oltin sotib olish bo‘yicha dunyodagi ikkinchi o‘rindagi mamlakat bo‘ldi.

O‘zbekiston uchun oltin narxi, birinchi navbatda, eksport tovari sifatida muhim ahamiyatga ega. 2021-yil davomida $4 mlrd miqdorida oltin eksport qilingan bo‘lsa, 2022-yilning 9 oyida bu ko‘rsatkich $3 mlrd.ga yetdi. Oltin eksportidan tushgan tushumning salmoqli qismi mamlakat byudjetini to‘ldiradi.

Bundan tashqari, mamlakatning oltin-valyuta zaxiralarini boshqaradigan O‘zbekiston Markaziy banki mavjud. Shunga ko‘ra, regulyator xalqaro qimmatbaho qog‘ozlarda qancha zaxira va qancha oltinni saqlash kerakligini hal qiladi.

2022-yilda oltin zaxiralari hajmi 362 tonnadan qariyb 400 tonnaga oshgan. 2022-yil oktabr mamlakatning oltin-valyuta zaxiralari $32 mlrd.ni tashkil etdi, shundan 65%i oltinga to‘g‘ri keladi. Bu dunyoda rivojlanayotgan davlatlar orasida ikkinchi ko‘rsatkichdir.