2022-yilda O‘zbekistonda inflyatsiya darajasi 12,3%ni tashkil etdi. Bu haqda Davlat statistika qo‘mitasining matbuot xizmati xabar berdi.

Xususan, iste’mol narxlari indeksi Markaziy bank tomonidan prognoz qilingan 12−12,5%ga mos keladi.

Bunga mavjud inflyatsion jarayonlar, pul-kredit sharoitlari, import inflyatsiyasi ta’sirining saqlanib qolishi va yuqori noaniqliklar sharoiti ta’sir qilishi ta’kidlangandi.

O‘tgan yilning dekabr oyida iste’mol sektoridagi tovarlar va xizmatlar o‘rtacha 1,2%ga oshdi. Bu ko‘rsatkich 2021-yilning dekabr oyida ham mos raqamlarni qayd etgandi. Taqqoslash uchun, 2020-yilning dekabr oyida bu ko‘rsatkich 1,5%ni, 2019-yil dekabrida 1,6%ni tashkil qilgan.

O‘tgan yilning dekabr oyida narxlar va tariflar o‘sishida yetakchi o‘rinlarni oziq-ovqat mahsulotlari egalladi hamda ularning narxlari o‘rtacha 1,7%ga oshdi.

Shuningdek, nooziq-ovqat tovarlari narxlari 0,8%ga va aholiga pullik xizmatlar ko‘rsatish 1,1%ga oshgan.

Yil boshida iste’mol sektoridagi tovarlar va xizmatlar ko‘rsatkichi o‘rtacha 0,9%ga qimmatlashgandi. Noyabr oyiga kelib esa ko‘rsatkich 1,3%ni tashkil etdi.

Bundan tashqari, 2022-yil boshida yillik o‘sishda iste’mol narxlari indeksi darajasi 9,8%ga yetgandi. Regulyator 2023-yil uchun bazaviy ssenariy doirasida 8,5−9,5%gacha pasayishni prognoz qildi.

Ekspertlar fikricha, O‘zbekistondagi inflyatsiyaga ta’sir qiluvchi asosiy omillardan biri savdo hamkori bo’lgan mamlakatlardagi inflyatsiya hisoblanadi. Negaki import inflatsiyasining o‘sishi asosiy inflatsiyaning taxminan 38%ni ifodalaydi.

Qolaversa, aholining kelgusi 12 oy uchun inflyatsion kutilmalari 15,3%ni, tadbirkorlarniki esa 14,3%ni tashkil etdi.