Markaziy bank asosiy stavkani yillik 15% darajasida saqlab qolish bo‘yicha qaror qabul qilindi.

Bu yil oxirigacha quyidagilar ta’siri bilan bog‘liq inflyatsion xatarlar saqlanib qolayotgani sababli o‘zgarishsiz qoldirildi:

  • tashqi iqtisodiy muhitdagi noaniqliklar;
  • global inflyatsion jarayonlar;
  • yuqori ichki iqtisodiy faollik;
  • mavsumiylikning iste’mol narxlariga oshiruvchi ta’siri.

Inflyatsiya va inflyatsion kutilmalar

Tashqi va ichki omillarlarning turli xil ko‘lamdagi ta’sirlari sentabr oyida yillik inflyatsiyani 12,2%ga teng bo‘lishiga sabab bo‘ldi.

Aprel-sentabr oylarida iste’mol savatidagi aksariyat tovar va xizmatlarning narxlarida sezilarli o‘sish kuzatilgan.

Avgust oyidan boshlab bazaviy inflyatsiya ko‘rsatkichi umumiy inflyatsiyadan yuqoriroq shakllana boshladi va sentabr oyida yillik 12,7%gacha tezlashdi.

Bazaviy inflyatsiyaning oshishiga bir tomondan import inflyatsiyasi ta’sir ko‘rsatayotgan bo‘lsa, ikkinchi tomondan, o‘tgan davrda shakllangan yuqori yalpi ichki talab sezilarli bosim yaratmoqda.

O‘tgan oyda aholining inflyatsion kutilmalari 15,2% va tadbirkorlar kutilmalari 13,8% doirasida shakllandi.

Mavjud inflyatsion jarayonlar, pul-kredit sharoitlari, import inflyatsiyasi ta’sirining saqlanib qolayotganligi va yuqori noaniqliklar sharoitida yil yakuni bo‘yicha inflyatsiya darajasi 12−12,5% atrofida shakllanishi hamda 2023-yil uchun esa bazaviy ssenariy doirasida 8,5−9,5%gacha pasayishi prognoz qilinmoqda.

Ichki va tashqi iqtisodiy sharoitlar

Yilning ikkinchi choragidan boshlab iqtisodiy faollikning jadallashishi kuzatilmoqda. Joriy yil 9 oyi yakuni bo‘yicha yalpi ichki mahsulotning real o‘sishi 5,8%ni tashkil etib, qurilish ishlari va chakana savdo sohalarida o‘sish ko‘rsatkichlari o‘tgan yilning mos davriga nisbatan yuqori bo‘ldi.

Byudjet sohasida oylik ish haqi va pensiyalar miqdorining oshirilishi hamda ajratilgan ijtimoiy transfertlar aholining real daromadlarini 10,7%ga ko‘payishiga zamin yaratdi.

Shuningdek, o‘tgan 9 oy davomida iqtisodiyotda iste’mol tovarlari ishlab chiqarish hajmi 27%ga va chakana savdo aylanmasi 10,8%ga oshdi.

Budjet xarajatlari, transchegaraviy pul o‘tkazmalarning yuqori sur’atlari va iqtisodiyotga kredit qo‘yilmalar yalpi iste’mol va iqtisodiy faollikni yil oxirgacha qo‘llab-quvvatlovchi omillardan bo‘ladi.

Yil yakuni bo‘yicha yalpi ichki mahsulot 5,2−5,8%lik prognoz koridori doirasida bo‘lishi kutilmoqda. 2023 yil uchun esa iqtisodiy o‘sish sur’atlari joriy yilgidan biroz sekinlashib 4,5−5%ni tashkil etishi prognoz qilinmoqda.

Tashqi iqtisodiy sharoitlar. AQSh Federal zaxira banki tomonidan pul-kredit sharoitlarining qat’iylashtirilishi hisobiga dunyoning aksariyat valyutalari AQSh dollariga nisbatan qadrsizlanib bormoqda. Dollar indeksi yil boshiga nisbatan 17%ga oshib 112 bandni tashkil etmoqda.

Bu esa, iste’molda import ulushi yuqori bo‘lgan va inflyatsion kutilmalari valyuta kursiga ta’sirchan davlatlarda inflyatsion jarayonlarning yanada tezlashishiga olib kelmoqda.

Tashqi vaziyat va savdo hamkorlardagi o‘zgarishlarga tashqi iqtisodiy munosabatlarning moslashib borishi hisobiga mamlakatga valyuta oqimlari hajmida ijobiy tendentsiyalar kuzatilmoqda.

Jumladan, 9 oyda oltinsiz eksport hajmi o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 23,6%ga ortib — $11,1 mlrd.ni tashkil etdi.

Pul-kredit sharoitlari

Joriy yilning o‘tgan davrida aholining milliy valyutadagi muddatli depozitlari 1,5 barobarga oshdi.

Inflyatsiya va inflyatsion kutilmalar darajasida ijobiy o‘zgarishlar sezila boshlagan bo‘lsa ham, tashqi xatarlar va noaniqliklar yuqoriligicha saqlanib qolayotganligi, pul-kredit sharoitlarini o‘zgartirishda ehtiyotkorona yondashuvni kelgusida ham saqlab qolishni talab etadi.

Regulyatorda qayd etilishicha, tashqi va ichki iqtisodiy sharoitlar ta’sirida yuzaga keladigan inflyatsion omillar va xatarlar sinchkovlik bilan o‘rganilib, ularni bartaraf etish bo‘yicha tegishli choralar ko‘rib boriladi.

Asosiy stavkani ko‘rib chiqish bo‘yicha Markaziy bank boshqaruvining navbatdagi yig‘ilishi 15 dekabrga belgilangan.