ekspert fikri, iqlim, ko'chmas mulk

Denis Sokolov,

Commonwealth Partnership/Uzbekistan bosh direktori.

O‘zbekistonga bostirib kirgan anomal sovuqlar nafaqat odamlarga ta’sir qildi, balki kun tartibida bo‘lmagan qator masalalarni ham ko‘tardi.

Prezident Toshkent shahar hokimi Jahongir Ortiqxo‘jayevni keskin so‘zlar bilan ishdan bo‘shatdi.

Bunday “rokirovka"dan keyin mansabdor shaxslarning ustuvor qadriyatlari o‘zgaradi. Biroq tadbirkor doira vakillari o‘tmish tajribasini tahlil qilib, shahar qaysi tomonga qarab rivojlanishini mantiqan tushunib olishlari kerak.

Sobiq hokimga nisbatan munosabat turlicha edi, ammo to‘rt yil ichida Toshkent o‘zgarganini inkor etib bo‘lmaydi. O‘zgarishlarning narxi haqida gapirish mumkin, ammo yutuqlar haqida ham unutmaslik kerak.

Shaharda turar-joy ko‘chmas mulkini rivojlantirish mexanizmi ishga tushirildi, bu qisqa vaqt ichida bir qancha turar-joy majmualarini qurish imkonini berdi, ularning ba’zilarining sifati juda yaxshi.

Albatta, O‘zbekistonda ko‘pchilikning yangi turar-joy majmualarida yashashga qurbi yetmaydi. O‘rta sinf hali ham juda kichik, ammo muhimi, qurilish sanoati yirik va murakkab loyihalarni amalga oshirishni o‘rgandi.

Tovuqmi yoki tuxum?

Shaharsozlikda eng qiyini “tovuq va tuxum muammosi"ni hal qilishdir: odamlar tovar bo‘lmagunicha do‘konga bormaydi, xaridorlar kelmaguncha esa tovar olib kirilmaydi. Xuddi shu narsa investitsiyalar uchun ham amal qiladi — bino qurish uchun investitsiyalar kerak va investor talab mavjud bo‘lgandagina pul qo‘yishga tayyor bo‘ladi va agar obyektlar mavjud bo‘lmasa, talab ham bo‘lmaydi.

Ko‘chmas mulk bozori avtomobilga o‘xshaydi, u faqat barcha detallar mavjud bo‘lsagina ishlaydi, lekin agar u ishlayotgan bo‘lsa, demak uni faqat boshqarish kerak.

Binobarin, qurilishni faollashtirish, jamoat joylarini yaratish, shaharni raqamlashtirish hokim jamoasining so‘zsiz yutug‘idir. Qisqa vaqt ichida yorug‘ ko‘chalar bo‘ylab zavq bilan sayr qilayotgan, bog‘ va xiyobonlarni to‘ldirayotgan fuqarolarning odatlarini o‘zgartirishning imkoni bo‘ldi. Dunyoning ko‘pgina mamlakatlarida bunday o‘zgarishlar o‘nlab yillar davom etadi.

Ammo, shu o‘rinda, bunday hollarda o‘sishning og‘riqli nuqtalari ham yuzaga keladi. Ommaviy qurilishlar atrof-muhitga zarar yetkazadi, aholi sonining ko‘payishi infratuzilmaga haddan tashqari og‘irlik tug‘diradi: maktablarda o‘rinlar yetishmaydi, avtoturargohlar bilan bog‘liq muammolar paydo bo‘ladi va hokazo.

Bular Toshkentning o‘ziga xos muammolari emas, balki har bir shahar rivojlanishidagi tabiiy jarayon. Ushbu nomutanosibliklarni erta bosqichda bartaraf etish muhim, aks holda ular to‘planib, rivojlanish uchun xavf tug‘diradi.

Misol uchun, bir tomondan, faol qurilish iqtisodiyotni rag‘batlantiradi, lekin boshqa tomondan, tugallanmagan obyektlarni sotish amaliyoti faqat o‘sib borayotgan bozorda muvaffaqiyatli ishlaydi.

Talab pasayishi bilanoq, moliyaviy muammolar muqarrar ravishda yuzaga keladi va odamlar o‘zlari pul to‘lagan kvartiralariga ega bo‘lolmaydilar. Natijada, butun tizimga bo‘lgan ishonch yo‘qoladi va bozor ishlashni to‘xtatadi (minglab qurbonlar haqida gapirmasa ham bo’ladi).

Shuning uchun, masalan, Xitoyda hukumat ko‘chmas mulk bozorining o‘sishini muntazam ravishda pasaytirishni boshladi va ko‘plab mamlakatlarda xaridorlarga pulni qaytarishni kafolatlaydigan eskrou tizimi mavjud. Albatta, bularning barchasi qurilish sohasi uchun qiyinchiliklar tug‘diradi, lekin oxir-oqibat bundan hamma yutadi.

Sifat uchun raqobat

Xuddi shunday holat tijoriy ko‘chmas mulkda ham kuzatiladi. Bugungi kunda ko‘plab ofis binolari va chakana savdo obyektlari qurilayotgan kichik bloklarni ijaraga berishni kutgan holda sotib oladigan investorlar sinfi mavjudligi sababli qurilmoqda.

Biroq, jahon amaliyoti shundayki, qismlarga bo‘lib sotilgan savdo maydonlari keyinchalik katta qiyinchilik bilan ijaraga beriladi. Bunga esa “Tashkent City” yorqin misol bo‘la oladi — turar-joy majmuasidagi savdo maydonchalari sotilgan, lekin hali ijaraga olinmagan va u yerda sanoqli do‘konlar ochilgan. Joriy yil oxiriga qadar shaharda A sinfidagi ofislar hajmi qariyb 130 ming kv. m. maydonga teng bo‘ladi va ularning yarmi bloklar shaklida sotiladi.

Menimcha, shahar hokimiyati ommaviy qurilish bilan bog‘liq bo‘lmagan barqaror rivojlanishni ta’minlashi kerak. Bunga qurilgan maydonlardan samarali foydalanish orqali erishish mumkin.

Qurilish maydoni faqat vaqtinchalik ish o‘rinlarini yaratsa, to‘g‘ri yo‘lga qo‘yilgan bino doimiy ish o‘rinlarini yaratadi. Samarali boshqaruvga ega kichik ofis binosi 1 mingga yaqin odamni sig‘dira oladi, ular yiliga birgina soliqlarning o‘zidan g‘aznaga 1 mln dollarga yaqin daromad keltiradi, bo‘sh bino esa faqat yo‘qotishlarga va energiya isrofgarligiga olib keladi.

Bu loyihalar yanada puxtaroq yondashishni talab qiladi. Raqobatchidan oldin qurish va sotishga shoshilmang, balki undan ko‘ra yaxshiroq qilishga harakat qiling. Birinchi holatda, har bir yangi bino avvalgisidan ko‘ra yomonroq bo‘ladi, ikkinchi holatda esa yaxshiroq chiqadi.

Muvaffaqiyatli shaharlar sifatli raqobat uchun zamin yaratadi, bu nafaqat pardozlash materiallarida, balki ajoyib arxitektura, zamonaviy muhandislik va xonalarning samarali rejalashtirilishida ham o‘z aksini topadi.

O‘qimishli shahar

Poytaxtdagi faol tadbirkorlar nafaqat savdo san’ati va muvaffaqiyatli rahbar mahoratini, balki shahar infratuzilmasidan o‘zlari va iste’molchilar manfaati yo‘lida foydalanish uchun shahar iqtisodiyotining asosiy tamoyillarini ham o‘rganishi kerak. Shu yo‘l bilan barqaror rivojlanish ta’minlanadi.

Resurslarni tejash alohida masala. Mamlakatda gaz va elektr energiyasi nihoyatda arzon, shuning uchun tejash ustuvor ahamiyatga ega emas. Biroq, narxlarning oshishi muqarrar va bunda nafaqat energiya tejovchi texnologiyalarni joriy etish, balki fuqarolarni resurslarni tejashga o‘rgatish ham muhimdir.

Bu yerda esa aholi bilan muloqot qilish, ularni o‘z vaqtida xabardor qilish, shahar tuzilishi haqidagi bilimini oshirish, ayniqsa, yoshlar o‘rtasida muhim ahamiyat kasb etadi.

O‘zbekistonda unumdor zamin bor: fuqarolar o‘z-o‘zini muvofiqlashtirish ko‘nikmalariga ega. Ayoz va qor yog‘ishi shuni ko‘rsatdiki, toshkentlik avtomobilchilar o‘zlarining intizomsiz haydovchi sifatida nom qozonishganiga qaramay, transport kommunikatsiyalari imkoniyatini saqlab qolish uchun o‘z xatti-harakatlarini bir zumda ob-havo sharoitiga moslashtirishga muvaffaq bo‘lishdi.

Hatto Yevropa mamlakatlarida ham bunday kataklizmlar yo‘llardagi tartibsizliklarga olib keladi. Shu bois shaharni barqaror rivojlantirishning muhim vositasi taqiqlar emas, tushuntirish ishlari bo‘lishi mumkin deb o‘ylayman. Masalan, qurilishi tugallanmagan kvartiralar yoki ofis bloklari xaridorlari o‘z zimmalariga olishga to‘g‘ri keladigan xavflarni tushuntirsak bo‘ladi.

Shu munosabat bilan rahbariyatning almashishi shahar uchun zarur bo‘lgan rivojlanish yo‘nalishini ekologiya, samaradorlik va ta’limga e’tibor qaratish kabi o‘zgarishlarga olib kelishi mumkin.

Umuman olganda, aynan mana shu sohalar “Yangi O‘zbekiston” dasturining ustuvor yo‘nalishlari bo‘lgani uchun biz inqilob haqida emas, faqat tuzatish haqida gapirmoqdamiz.


Muallifning fikri tahririyat fikrini aks ettirmasligi mumkin.