“Transparency International” xalqaro tashkiloti dunyoda korrupsiya bilan bog‘liq vaziyat bo‘yicha 2022-yil uchun hisobotini e’lon qildi.

Unga ko‘ra, Sharqiy Yevropa va Markaziy Osiyo davlatlari korrupsiyani sezish eng qiyin mintaqalar qatorida qolmoqda.

Ukrainadagi mojarolar va boshqa mamlakatlardagi siyosiy tendensiyalar fonida mintaqa bo‘yicha o‘rtacha ball bir pog‘onaga tushib, 35 ballga yetdi.

Peshqadamlar guruhiga avvalgidek Gruziya (56), Armaniston (46) va Chernogoriya (45) kirgan bo‘lsa, eng past ko‘rsatkich Tojikiston (24), Ozarbayjon (23) va Turkmanistonga (19) to‘g‘ri keladi.

O‘zbekiston 31 ball bilan 180 ta davlat orasida 126-o‘rinni egalladi va yil davomida reytingda 14 pog‘ona yuqorilab, Rossiyani ortda qoldirdi.

O‘zbekiston 2016-yilda 156-o‘rinni, 2017-yilda 157-o‘rinni, 2019-yilda esa 153-o‘rinni egallagandi. 2020-yilga borib mamlakat ko‘rsatkichi 146-o‘rinni qayd etdi. 2021-yilda esa 6 pog‘ona pastlab 140-o‘rinni egalladi.

Hisobotda ta’kidlanganidek, korrupsiyaga qarshi kurash O‘zbekiston hukumati uchun ustuvor vazifaga aylandi.

So‘nggi yillarda korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha maxsus organ, shuningdek, davlat xaridlari shaffofligini ta’minlash bo‘yicha onlayn platforma yaratildi.

Tadqiqotlar korrupsiya demokratik huquqlardan foydalanish va demokratik institutlar faoliyatiga putur etkazishini ko‘rsatmoqda.

Mualliflar nazorat va muvozanatning muhimligini, shuningdek, davlat xizmatchilarining daxlsizligini ta’minlash tizimlarini mustahkamlashni ta’kidlaydilar.

Mazkur hisobotda birinchi o‘rinni 90 ball bilan Daniya, ikkinchi o‘rinni (87) Finlyandiya va Yangi Zelandiya egallashdi.

Keyingi o‘rinlarda Norvegiya (84), Singapur va Shvetsiya (83). Eng yomon ko‘rsatkichlar Somali (12), Suriya va Janubiy Sudanda (13) qayd etildi.

Avvalroq, Jahon banki 2022-yil uchun “GovTech” yetuklik indeksini yangilagandi. Unda O‘zbekiston 198 ta mamlakatdan hukumat va davlat xizmatlari sektori bo‘yicha 43-o‘rinni, raqamli ko‘nikmalar va davlat xizmatlaridagi innovatsiyalar bo‘yicha esa 4-o‘rinni egallagandi.