Avvalroq, “Yandex Go"ning MDHdagi rivojlanish bo‘yicha direktori Kirill Svinsov O‘zbekistonda haydovchining xulq-atvorini kuzatuvchi texnologiya yo‘lga qo‘yilishi haqida ma’lum qilgandi.

O‘tgan yilning noyabr oyi oxiriga borib, kompaniya haydash manyovrini nazorat qilishni ishga tushirdi.

Maxsus modellar haydovchi ilovasida akselerometrdan olingan ma’lumotlarni qayta ishlaydi va manyovrlarning silliqligini baholaydi.

Agar haydovchi muntazam ravishda qattiq tormoz bersa, bo‘laklarni o‘zgartirsa yoki juda tez harakatlansa, tizim unga sekinroq haydash uchun ogohlantirish yuboradi.

Haydovchi haydash uslubini o‘zgartirmasa, tizim uning buyurtmalarga kirishini cheklashi mumkin.

Dastlabki natijalarga ko‘ra, tizimli ravishda keskin manyovrlarni amalga oshiruvchi haydovchilar ulushi ikki baravar kamaygan. Bu haqda kompaniya matbuot xizmati “Spot"ga ma’lum qildi.

Bir maromda haydash uslubi tezlik chegarasini saqlash bilan birga xavfsiz haydashning asosiy omili hisoblanib, bu ko‘rsatkichlarga alohida e’tibor beriladi, deyiladi xabarda.

Kompaniya haydovchilar va yo‘lovchilarni qo‘shimcha bepul sug‘urta qilish tizimini yo‘lga qo‘yishni rejalashtirgan.

2022-yilning avgust oyida “Yandex Go” O‘zbekistonda tezlikni monitoring qilish texnologiyasini ishga tushirdi. Oktabr oyiga kelib, “Yandex Go"ning Nukus, Qarshi va Urganchda ham ish boshlashi ma’lum qilindi.

Dekabr oyida “Yandex” mamlakatda “Bookmate” kitob xizmatini ishga tushirdi hamda “Yandex Plus” obunachilari 170 mingdan ortiq ham badiiy, ham biznesga oid elektron va audiokitoblardan foydalanishlariga imkon yaratildi. Yaqinda esa “Yandex” neyron tarmoqlarga arxiv yozuvlarini o‘qishni o‘rgatdi.

Shuningdek, kompaniya 2023/2024-o‘quv yilidan O‘zbekistonda dasturlash maktabini ishga tushirishni rejalashtirmoqda.