“Yandex” O‘zbekistonda “Yandex Plus” obunachilari uchun “Bookmate” elektron va audiokitoblar xizmatini ishga tushirdi. Bu haqda kompaniya “Spot"ga ma’lum qildi.

Endilikda foydalanuvchilar “Bookmate” xizmatida elektron va audiokitoblarni mutoala qilish va tinglash imkoniyatiga ega bo‘lishadi. Mobil ilovani “App Store” va “Google Play“dan yuklab olish mumkin.

Unda “Eksmo”, “AST”, “MIF”, “Alpina” va boshqa ko‘plab noshirlarning katologlaridan iborat kutubxona mavjud. Foydalanuvchilar 170 mingdan ortiq ham ommabop badiiy, ham biznes adabiyotlardan va o‘z-o‘zini rivojlantirish haqidagi elektron hamda audiokitoblardan foydalanishlari mumkin.

““Bookmate” “Plyus"ning ikkita kontent yo‘nalishidagi — “Kinoqidiruv” va “Yandeks Musiqa"ni to‘ldiradi. Auditoriya talablarini tushunish va tavsiyaviy texnologiyalar sohasidagi tajriba “Bookmate” foydalanuvchilari uchun kitoblar tanlovini yanada qulay va qiziqarli qilishga yordam beradi”, — deydi “Plyus” va “Fintex” biznes guruhining kitob yo‘nalishi rahbari Aleksandr Mixaylov.

“Bookmate” joriy foydalanuvchilari o‘z obunalari tugaguniga qadar “Plyus” imkoniyatlaridan foydalanishlari mumkin. Buning uchun ular yangi “Bookmate” mobil ilovasini o‘rnatishlari va Yandeks akkaunti orqali tizimda ro‘yxatdan o‘tishlari zarur.

Shuningdek, abonentlar xohishishga ko‘ra akkauntlaridagi barcha ma’lumotlarni, jumladan, o‘qigan kitoblari, eslatmalar, iqtiboslar va yuklangan kitoblarini yangi ilovaga o‘tkazishlari mumkin bo‘ladi.

Avvalroq, “Yandex Go"ning MDHdagi rivojlanish bo‘yicha direktori Kirill Svinsov O‘zbekistonda haydovchining xulq-atvorini kuzatuvchi texnologiya yo‘lga qo‘yilishi haqida ma’lum qilgandi.