Aholining taksi xizmatiga bo‘lgan talabi tobora ortib bormoqda. Shu asnoda kompaniyalar o‘z xizmatlarini taqdim etyapti, mavjudlari esa rivojlantirish jarayonida. Biroq ularning hammasini ham talab darajasida deb bo‘lmaydi.

Masalan, “Yandex Go” dasturini olaylik, kompaniya atrofida turli gap-so‘zlar mavjud: kimdir xizmatdan ko‘ngli to‘lsa, yana kimningdir hafsalasi pir bo‘lgan. “Spot” mavjud savollarga oydinlik kiritish maqsadida “Yandex Go” kompaniyasining MDHdagi rivojlanish bo‘yicha direktori Kirill Svinsov bilan suhbatlashdi.


Kirill Svinsov,

“Yandex Go” kompaniyasining MDHdagi rivojlanish bo‘yicha direktori.

O‘zbekistonda faoliyatimizni boshlaganimizga 4 yildan oshdi hamda hozirga qadar 8 ta shaharda o‘z faoliyatmizni yo‘lga qo‘yganmiz.

Joriy yil boshidan Samarqand va Buxoroda ish boshladik, may oyida Qo‘qonda ham dastur ishga tushdi. Yanada boshqa shaharlarda ham “Yandex Go"ni ishga tushirishni rejalashtiryapmiz. Tez orada ochilishi kutilayotgan manzilimiz esa Nukus hisoblanadi.

Hozirgi vaqtda O‘zbekistonda 100 mingdan ortiq haydovchilarimiz bor, yo‘lovchilarimiz soni esa har xil. Chunki har oyda ularning soni sezilarli darajada o‘zgarib turadi. Shuningdek, aholi soni ortgani sari xizmatdan foydalanuvchilar soni ham ortib bormoqda.

Xaritalardagi kamchiliklar

Ochig‘ini aytganda, bu xatolik “Yandex Go” dasturining texnik nosozliklariga kirmaydi, aksincha buning boshqa sabablari mavjud.

Masalan eng yirik muammolardan biri mahalliy xaritalarning rivojlanishidagi kamchiliklardir. Xususan, biz foydalanuvchilarga Toshkent bo‘ylab yo‘l ko‘rsatganimizda ham rivojlangan mahalliy xaritalardan foydalanamiz.

Biroq, Namangan va Samarqand kabi viloyatlarga borganimizda yangilanmagan mahalliy xaritalardan foydalanish natijasida noto‘g‘ri yo‘nalishga kelib qolishimiz mumkin.

Bu masalaga davlat mutasaddilari hamda xususiy kompaniyalar bilan birgalikda xaritalarni yangilash va turli vositalar orqali yaxshilash maqsadida texnik tarafdan yondoshmoqdamiz.

Bu o‘z navbatida haydovchilarimizga to‘g‘ri yo‘ldan yurishlariga va vaqtni tejashga ham yordam beradi.

Haydovchi xulq-atvorini nazorat qiluvchi texnologiya

Avgust oyida “Yandex Go” ilovasida O‘zbekistonda avtomatik monitoring qilish texnologiyasi ishga tushirildi. U orqali biz yo‘llardagi, ayniqsa ko‘chalardagi harakatning o‘rtacha tezligini nazorat qilamiz.

Harakat vaqtida haydovchi belgilangan tezlikdan o‘tib ketsa unga ogohlantirish jo‘natiladi. Agar ogohlantirishga qaramasdan u tezlik chegaralarini buzishda davom etsa, bir muddat xizmat ko‘rsatish buyurtmalaridan chetlashtirilishi mumkin.

Agar haydovchi qoidalarni buzishda davom etsa biz uni xizmat ko‘rsatishdan bo‘shatamiz.

Aytish mumkinki, bu texnologiya birinchi navbatda avtohalokatlarning oldini olishda yordam bersa, ikkinchidan tezlikni nazorat qilishga hamda yo‘lovchilarning xizmatimizdan foydalanayotganda yo‘lda o‘zlarini xavfsiz va xotirjam sezishiga hissa qo‘shadi.

Yaqin orada haydovchining haydash xulq-atvorini kuzatuvchi texnologiyani ham tadbiq etmoqchimiz. Buni O‘zbekistonga ham olib kiramiz. Negaki mamlakatda tezlik monitoringi yaxshi rivojlanmoqda.

Bu qanday ishlaydi. Yangi texnologiya har bir haydovchining mobil telefoniga o‘rnatilgan GPS orqali amalga oshiriladi.

Masalan, agar haydochi mashinani qo‘pol ravishda boshqarsa yoki svetofordan taqiqlangan paytda o‘tsa va harakatlanish liniyalarini noto‘g‘ri tomonga o‘zgartirsa unga ogohlantirish jo‘natiladi.

Haydovchi uni rad etgan taqdirda xizmatdan chetlashtiriladi. Bu yo‘lovchilar o‘zlarini xavfsiz sezishiga yordam beradi.

Call-markaz faoliyati

Ayrim foydalanuvchilar xizmat operatorlaridan arz qilishlaridan xabarim bor. Ayni paytda bu haqida aniq bir narsa deyishim qiyin.

Aytishim mumkinki, hozirda dasturni yanada yaxshilash ustida ishlayapmiz. Biz ilovaning foydalanuvchilar uchun arzon va qulay bo‘lishini xohlaymiz — bu bosh maqsadimiz.

Ha, call-markazining haydovchi va yo‘lovchilarga javob berishi biroz qiyin masala bo‘lishi mumkin, lekin umuman olib qaraganda O‘zbekistondagi yo‘lovchilarning dastur xizmatini baholash darajasi juda yuqori ya’ni 5 dan 4.94 ni tashkil etadi. Bu esa O‘rta Osiyodagi eng yuqori reytinglardan biridir.

Haydovchilar kartadagi pullarini naqdlashtirishda nega ko‘p vaqt yo‘qotadi

Bu viloyat va shaharga ko‘ra farqlanadi. Masalan, ko‘pgina taksi kompaniyalarining pullarni naqdlashtirish bo‘yicha tartibi bir biridan farq qiladi, lekin bu jarayon o‘rtacha 1 kunni olishi mumkin.

Biz avtoparklarning ushbu muddatdan oshmasligini nazorat qilamiz va agar ular buni buzsa, bunday hamkor bilan ishimizni tugatishimiz mumkin.

Aytmoqchimanki, biz haydovchilar bilan taksi kompaniyalari bo‘lgan sheriklarimiz orqali ishlaymiz. Haydovchilar bilan ishlaydigan taksi kompaniyalari naqd pul olishning turli qoidalariga ega.

O‘zbekistonda yildan-yilga kartalar orqali amalga oshiriladigan to‘lovlar miqdori ortib bormoqda va biz bu xizmatni yanada qulayroq qilish ustida ishlayapmiz. Bunga moslashish juda ham yaxshi, deb hisoblayman.


Avvalroq “Spot” “Yandex Go” kompaniyasi 2023-yili O‘zbekistonda dasturlash maktabini ishga tushirishni rejalashtirayitgani haqida xabar bergandi.

Bundan tashqari, kompaniya mamlakatda yonilg‘i quyish servisini ishga tushirishga hozirlik ko‘rmoqda. Hozirda bir qator yoqilg‘i quyish shoxobchalari bilan muzokaralar olib borilmoqda.