“Yandex Go” ilovasida O‘zbekistonda avtomatik monitoring qilish texnologiyasi ishga tushirildi. Bu haqda kompaniya “Spot"ga ma’lum qildi.

U servis buyurtmalari vaqtida avtotransport vositalari tezligini nazorat qiladi hamda monitoring servis mavjud bo‘lgan barcha yetti shaharda ishlaydi.

Haydovchi buyurtmani amalga oshirish paytida texnologiya uning yo‘lini kuzatish va harakat tezligini aniqlash uchun GPSdan foydalanadi.

Mazkur tezlik esa marshrutlarni qurish uchun ishlatiladigan navigator bo‘yicha ushbu yo‘l kesimida ruxsat etilgan maksimal tezlik bilan taqqoslanadi.

“Biz O‘zbekiston shaharlarida xavfsizlikni ta’minlashga katta e’tibor qaratamiz. Yangi texnologiya haydovchilarga belgilangan tezlikni nazorat qilish va yo‘l-transport hodisalari xavfini kamaytirishga yordam beradi”, — dedi “Yandex Go” kompaniyasining Markaziy Osiyo bozorini rivojlantirish bo‘yicha ijrochi direktori Tamirlan Shapiyev.

Haydovchi belgilangan tezlikdan oshib ketgan taqdirda tizim haydovchini ilova orqali bu haqda ogohlantiradi.

Tizim signal uzilishlari natijasida yuzaga kelgan og‘ishlar (masalan, koordinatalarning kutilmagan o‘zgarishi)ni to‘xtata oladi.

Bir nechta ogohlantirishlardan so‘ng, algoritm haydovchining xizmat ko‘rsatish buyurtmalariga kirishini vaqtincha cheklaydi.

“Boshqa mamlakatlarda avval tezlikni oshirib yurgan haydovchilarning 70%dan ortig‘i tizimdagi ikkinchi xabarnomadan so‘ng uni pasaytirganini ko‘rdik”, — qo‘shimcha qildi ekspert.


Avvalroq “Yandex Music” ilovasida neyromusiqa tizimi ishga tushgani haqida xabar berilgandi.