Qoraqalpog‘istonda “Ijtimoiy yo‘naltirilgan, iqlimga chidamlilik asoslarini shakllantirish” qo‘shma dasturi ishga tushdi, deya ma’lum qildi UNICEFning O‘zbekistondagi vakolatxonasi matbuot xizmati.

Yangi dastur Kegeyli, Chimboy, Qarao‘zak tumanlari va Nukus shahridagi 15 ta tibbiyot muassasasi va 10 ta maktabning suv ta’minoti, sanitariya va gigiyena holatini yaxshilashga qaratilgan.

Loyiha doirasida 320 mingta aholini qamrab olish belgilangan.

Dastur BMTning Orolbo‘yi mintaqasi uchun inson xavfsizligi bo‘yicha ko‘p sheriklik trast fondi tomonidan moliyalashtirilib, dasturning umumiy budjeti $2,7 mln.ni tashkil etadi.

“Suv, sanitariya va gigiyena xizmatlarining yaxshilanishi tibbiyot muassasalarida tibbiy xizmat ko‘rsatish sifatini oshiradi va maktablarda ta’lim olish uchun qulay muhit yaratadi”, — dedi UNICEFning O‘zbekistondagi vakolatxonasi rahbari o‘rinbosari Joffri Ijumba.

Uning ta’kidlashicha, UNICEF Qoraqalpog‘istonda birinchi bo‘lib yuqumli tibbiy chiqindilar va sarf materiallarini qayta ishlash bo‘yicha ekologik toza tizimni joriy qilgan.

O‘tgan yili O‘zbekistondagi chiqindilarning qariyb 90%i energetika sektoriga tegishli ekani ta’kidlangandi.

Shuningdek, ekspertlar O‘zbekistonda yashil iqtisodiyotni rivojlantirish uchun qanday mutaxassislar kerakligini tahlil qilgandi.

Xususan, IT ko‘nikmalariga ega bo‘lgan aholi ulushining o‘sishi yashil bandlikning o‘sishiga boshqa omillarga qaraganda ko‘proq ta’sir qiladi.