“O‘zbekiston temir yo‘llari” va “Qazaqstan temir joli” o‘rtasida “Sariagash” davlatlararo tutashuv punktining yuk o‘tkazish hajmini oshirish uchun “Oq ko‘prik” (O‘zbekiston) va “Sariagash” (Qozog‘iston) stansiyalarida texnologik jarayonlarni takomillashtirish bo‘yicha muzokaralar bo‘lib o‘tdi. Bu haqda “O‘zbekiston temir yo‘llari” matbuot xizmati xabar berdi.

Uchrashuv davomida “O‘zbekiston temir yo‘llari” tomonidan “Oq ko‘prik” (O‘zbekiston) stansiyasida rekonstruksiya jarayonida, mavjud bo‘lgan qabul qilish va jo‘natish yo‘llarining uzaytirilishi va qo‘shimcha yo‘llar qurilishi joriy yilning avgust oyiga qadar yakunlanishi ta’kidlandi.

Natijada “Oq ko‘prik” chegara punkti orqali o‘tkazish imkoniyati kuniga 30 juft poyezddan 45 juft poyezdga, yillik yuk tashish hajmi esa 60 mln tonnagacha oshishi qayd etildi.

Shu sabab, O‘zbekiston tomon “Sariagash” stansiyasining o‘tkazish imkoniyatini oshirish uchun zarur choralarini ko‘rish lozimligini bildirdi.

2022-yilda davlatlararo tutashuv punkti orqali yuk tashish hajmi yiliga 32 mln tonna, yoki kuniga o‘rtacha 22 juft yuk poyezdini tashkil etgan.

Shuningdek, tomonlar poyezdlarni davlatlararo tutashuv punktlari orqali o‘tkazish jarayonini tezlashtirish maqsadida ikkala tomon ham yuklar to‘g‘risida o‘zaro dastlabki ma’lumotlarni to‘liq taqdim etish (predinfo) hamda texnik va tijoriy ko‘riklarini o‘tkazish vaqtini qisqartirish masalalari ham ko‘rib chiqildi.

Avvalroq, O‘zbekiston va Mo‘g‘uliston o‘rtasida avtomobil transportida yuk tashuvlari yo‘lga qo‘yilishi mumkinligi haqida xabar berilgandi.

Shuningdek, to‘g‘ridan-to‘g‘ri aviaqatnovlar tashkil etilib, yo‘lovchi va yuk tashuvlarini oshirish muhokama qilingan.