Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi asosiy stavkaning 1% bandga tushirilishi makroiqtisodiy ko‘rsatkichlarga qanday ta’sir qilishini tahlil qildi.

Hisob-kitoblarga ko‘ra, iqtisodiyotning jadallashishi, aholi iste’moli oshishi, kredit hajmi o‘sishi kutilmoqda.

Markaziy bank boshqaruvi 2023-yil 16-martdagi yig‘ilishda asosiy stavkani 1% bandga pasaytirib, yillik 15%dan 14% darajada belgilash to‘g‘risida qaror qabul qildi.

Oxirgi marta 14%lik stavka 2018-yil boshida va 2020-yil oxirida amal qilgan. Bir yarim yil o‘tgach, 2022-yil mart oyida Markaziy bank stavkani birdaniga uch foiz bandga — 17%ga oshirdi.

O‘tgan yili regulyator stavkani ikki marta 16%ga, iyul oyi oxirida esa 15%ga tushirdi.

Stavkaning pasayishi iqtisodiy ko‘rsatkichlarni oshiradi va iqtisodiyotning o‘sishni rag‘batlantiradi. Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi (Markaz) ushbu ta’sirlarni baholadi.

asosiy stavka, cerr, markaziy bank, tahlil

Tahlil shuni ko‘rsatdiki, asosiy stavkaning 1% bandga tushishi natijasida bazaviy ssenariyga nisbatan mamlakat YaIM 0,55%ga ko‘payadi.

Bundan tashqari, nominal foiz stavkasining tushishi real foiz stavkalarni pasaytiradi va aholi iste’molini rag‘batlantiradi.

Markaz tadqiqotining natijalari shuni ko‘rsatadiki, stavka tushishi aholiga berilayotgan kreditlar miqdorini 2,6%ga ko‘paytiradi. Natijada, bazaviy ssenariyga nisbatan aholi yalpi iste’moli 0,2%ga ortadi.

Xalqaro valyuta jamg‘armasi tomonidan o‘tkazilgan tadqiqotga ko‘ra, asosiy stavkaning 1% bandga o‘zgarishi kredit stavkalarini o‘rtacha 0,6% bandga, depozit stavkalarni 0,35% bandga o‘zgartiradi.

Shunday qilib, asosiy stavkaning pasayishi tijorat banklari kredit stavkalarini pasaytirib, xususiy investitsiyalarni rag‘batlantiradi. Hisob-kitoblarga ko‘ra, kredit stavkalarining pasayishi yalpi investitsiyalar hajmini 0,68%ga ko‘paytiradi.

Mutaxassislarning fikricha, asosiy stavkaning 1% bandga pasayishi iqtisodiyot tarmoqlari tomonidan berilgan kreditlar hajmini quyidagicha ko‘paytiradi:

  • qishloq xo‘jaligida 3,6%ga;
  • qurilishda 2,8%ga;
  • sanoatda kreditlar hajmini 2,7%ga;
  • savdoda 1,3%ga;
  • transport va kommunikatsiyada 1,1%ga.

Avvalroq iqtisodchi Otabek Bakirov asosiy stavkaning pasayishi erkin bozor va tijorat segmentiga deyarli ta’sir o‘tkazmasligi haqida fikr bildirgandi.