2023-yilning yanvar-mart oylarida Toshkentda jami 6,8 trln so‘mlik qurilish ishlari amalga oshirilgan. Bu haqda Toshkent shahar Statistika boshqarmasi ma’lumotlariga tayanib, poytaxt hokimligi xabar berdi.

Xususan, o‘tgan yilning mos davriga nisbatan bu ko‘rsatkich 89,7%ga oshgan.

Tumanlar kesimida qurilish ishlarida Mirzo Ulug‘bek tumani yetakchilik qilmoqda — 1,1 trln so‘m. O‘sish sur’ati 2022-yilning yanvar-mart oylariga nisbatan 115,8% ni tashkil etdi.

Undan keyingi o‘rinda 938,3 mlrd so‘m bilan Yunusobod tumani turibdi.

Mazkur tumanda qurilish hajmining o‘sish ko‘rsatkichi o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 54,2% ni tashkil etdi.

Avvalroq prezidentning “2023-yilda bozor tamoyillariga asoslangan ipoteka kreditlari orqali aholini uy-joy bilan ta’minlash dasturini amalga oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi farmon imzolangandi.

Hujjat bilan, 1-maydan qurilayotgan ko‘p kvartirali uy-joylarning qurilishi yakunlangan qismini (qavatlarini) banklar tomonidan kredit ta’minoti sifatida bosqichma-bosqich garovga olish amaliyoti joriy etilishi belgilangan.

Shuningdek, 2025-yilgacha ayrim qurilish materiallari va xomashyo turlariga bojxona boji bekor qilinadi.

2023-yilda “Yangi O‘zbekiston” massivlarida (38 ta) jami 837 ta (shundan 305 tasi yangi) ko‘p kvartirali uy-joylar quriladi.