Shavkat Mirziyoyev Buxoro viloyatida aholi bandligini ta’minlash bo‘yicha takliflar taqdimoti bilan tanishdi.

Hozir viloyatda 1 mlndan ortiq mehnatga layoqatli aholi bo‘lib, shundan 76 mingtasi ishsiz. Har yili mehnat bozoriga 37 mingga yaqin yoshlar kirib kelmoqda. Bularni inobatga olib, Buxoro viloyatini 2023−2025 yillarda aholisi to‘liq ish bilan ta’minlangan hududga aylantirish belgilangan.

Buning uchun imkoniyatlar yetarli. Masalan, paxta-to‘qimachilik va g‘allachilik klasterlari. Buxoroda 11ta shunday tashkilot bo‘lib, ular tomonidan sanoat va qishloq xo‘jaligida 94 mingta, shu jumladan, kasanachilikni rivojlantirish orqali 19 mingta ish o‘rni ochilishi mo‘ljallanmoqda.

Mahallalarda sanoat, hunarmandchilik, kasanachilik, chorvachilik, savdo va xizmat ko‘rsatish yo‘nalishlarida 57ta mikromarkaz, ishsizlik yuqori bo‘lgan 98ta mahallada kichik tikuv sexlarini tashkil etish ko‘zda tutilmoqda.

Joriy yilda 15 ming gektar ekin yerlarini qayta foydalanishga kiritish imkoniyati ham bor. Bu yerlar yangi dehqon xo‘jaliklari tashkil etish uchun aholiga ochiq elektron tanlov asosida taqdim etiladi. Shuningdek, davlat aktivlarini auksionga chiqarish, ularning negizida ish o‘rinlarini ko‘paytirish bo‘yicha takliflar bildirildi.

Natijada joriy yilda 250 mingta ish o‘rni yaratilishi, 2023−2025 yillarda Buxoro viloyati aholisi to‘liq ish bilan ta’minlangan hududga aylantirilishi qayd etildi.

Shuningdek, taqdimotda Hindiston bilan hamkorlikda Qorako‘l tumanida IT-klaster tashkil etish loyihasi haqida ham axborot berildi. Davlat rahbari mazkur takliflarni ma’qullab, qo‘shimcha topshiriqlar berdi.

Avvalroq prezident Yangi Toshkent shahrining Bosh rejasi loyihasi bilan tanishib, ko‘rsatmalar bergandi.