12-sentabr kuni Toshkentning ikkita tumanidagi ayrim hududlarda elektr ta’minoti vaqtincha o‘chiriladi. Bu haqda “Hududiy elektr tarmoqlari” Toshkent shahar filiali matbuot xizmati xabar berdi.

Xususan, quyidagi hududlardagi iste’molchilarga elektr energiyasi vaqtincha yetkazib berilmaydi:

  • Yakkasaroy tumani: “Damariq” MFYning ayrim ko‘chalarida soat 09:00dan 15:00gacha;
  • Mirobod tumani: “Oybek” MFYning ayrim ko‘chalarida soat 09:00dan 16:00gacha.

Mazkur hududlarda ta’mirlash ishlari belgilangan vaqtdan avvalroq yakunlanishi mumkinligi qayd etilgan.

Poytaxt elektr tarmoqlaridagi avariyaviy holatlarning oldini olish, kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik ko‘rish hamda sifatli va barqaror elektr energiyasi yetkazib berish maqsadida ta’mirlash ishlari olib borilmoqda.

Avvalroq Toshkent shahri va viloyatidagi 3ta iste’molchi 1,7 mlrd so‘mlik elektr energiyasini talon-toroj qilgani ma’lum bo‘lgandi.

Bu hajmdagi elektr energiyasi qariyb 18,5 mingta xonadonning bir oylik iste’molini qoplashga yetardi.