Markaziy bank joriy yilning to‘qqiz oyi davomida aholiga ajratilgan ipoteka kreditlariga oid ma’lumotlarni taqdim etdi.

Unga ko‘ra, yanvar-sentabr oylarida jami 12,2 trln so‘m miqdorida ipoteka kreditlari ajratilgan.

Xususan, 3,96 trln so‘m miqdoridagi mablag‘lar banklarning o‘z hisobidan, 6,9 trln so‘m asosiy pul miqdori esa Moliya vazirligi hisobidan moliyalashtirilgan. Qolgan 1,3 trln so‘mi O‘zbekiston ipotekani qayta moliyalashtirish kompaniyasi mablag‘lari hisobidan ajratilgan.

O‘tgan davrda ipoteka krediti oluvchilar soni 53 443taga yetgan. Shundan, 19%i 18−30 yoshgacha, 69%i 31−50 yoshgacha hamda 12%i 50 yoshdan yuqori bo‘lgan aholi hissasiga to‘g‘ri keladi.

Jami kreditlarning 57%i (7,07 trln so‘m) birlamchi bozordagi uylarga ajratilgan bo‘lsa, qolgan 43%i (5,13 trln soo‘m) ikkilamchi bozordagi uylarga jaratilgan.

ipoteka krediti, markaziy bank

Hududlar kesimida 3,7 trln so‘m kredit hajmi bilan Toshkent yetakchilik qilmoqda. Undan keyingi o‘rinlarda Toshkent (960,5 mlrd so‘m) hamda Farg‘ona (521,4 mlrd so‘m) viloyatlari turibdi.

Bundan tashqari, Navoiy viloyati ham 916,2 mlrd so‘m ipoteka krediti bilan yuqori o‘rinda turibdi.

Shuningdek, bu davrda 19 313ta xotin-qizga 4,3 trln so‘mlik ipoteka krediti ajratilgan bo‘lib, ularning ulushi 36%ni tashkil etadi.

2022-yilning mos davrida aholiga ajratilgan ipoteka kreditlari 10,3 trln so‘mni tashkil etgandi.

Joriy yilning 1-mayidan rasmiy daromadga ega bo‘lmagan fuqarolar ayrim banklarga ipoteka krediti olish uchun murojaat qilishlari mumkin.

Bunda asosiy shartlardan biri fuqaro o‘zini o‘zi band qilgan holda ro‘yxatdan o‘tgan bo‘lishi kerak.

Avgust oyida “Spot” rasmiy daromadga ega bo‘lmagan shaxslarga beriladigan ipoteka kreditlari haqida ma’lumot taqdim etgandi.

Oktabr oyida esa mamlakatda ipoteka krediti bo‘yicha subsidiya berish qayta boshlandi. Xizmatdan Yagona portal orqali bepul foydalanish mumkin.

Subsidiyalar daromadi yuqori bo‘lmagan va uy-joy sharoitini yaxshilashga muhtoj oilalarga hududiga qarab beriladi.