Joriy yilning birinchi yarmi yakuniga ko‘ra, O‘zbekistonning davlat qarzi $2,3 mlrdga oshgan. Bu haqda Iqtisodiyot va moliya vazirligi taqdim etgan budjetnomada keltirilgan.

E’tibor bering, tashqi qarz ikkiga ajraladi — davlat qarzi va xususiy qarz. Bu yerda faqat birinchisi haqida gap ketmoqda.

Hujjatga ko‘ra, 2023-yilning 1-iyul holatiga davlat qarzi $31,5 mlrdni tashkil etib, olti oyda $2,3 mlrdga o‘sdi. Butun o‘sish davlat ichki qarziga to‘g‘ri kelib, $5,6 mlrdgacha o‘sgan. Tashqi qarz esa o‘zgarishsiz — $25,9 mlrd darajasida qoldi.

budjet loyihasi, davlat qarzi, iqtisodiyot, iqtisodiyot va moliya vazirligi

Shu bilan birga, YaIM hajmiga nisbatan davlat qarzi biroz oshib, 36,8%ni tashkil etdi. Bu XVF tomonidan tavsiya etilgan 60%lik chegaradan ancha uzoq hamda bu xavfsiz daraja hisoblanadi.

Iqtisodiyot va moliya vazirligi 2024−2026 yillarda davlat qarzi YaIMning 37%ini tashkil etishini prognoz qilmoqda.

Kimdan qarzdor?

Birinchi o‘rinni Osiyo taraqqiyot banki ($6,2 mlrd) egallaydi, undan keyin Jahon banki ($5,6 mlrd) turibdi. Uchinchi kreditor Xitoy davlat taraqqiyot banki ($3,8 mlrd), to‘rtinchi o‘rinda xalqaro hamkorlik bo‘yicha Yaponiya agentligi ($2,1 mlrd) qayd etildi.

O‘zbekiston Janubiy Koreya va Islom taraqqiyot bankiga $0,9 mlrd, Fransiyaga $0,7 mlrd, Rossiyaga $0,6 mlrd qarzdor. Shuningdek, boshqa xalqaro moliya tashkilotlaridan $1,5 mlrd va boshqa davlatlardan $0,8 mlrd qarz olingan.

Mablag‘lar nimalarga yo‘naltiriladi?

Tashqi qarzning asosiy qismi budjetni qo‘llab-quvvatlashga yo‘naltirildi — $8,76 mlrd yoki 34%.

Keyingi o‘rinlarda yoqilg‘i-energetika ($5,35 mlrd, 21%), qishloq xo‘jaligi ($2,68 mlrd, 10%), transport ($2,67 mlrd, 10%) va uy-joy kommunal xo‘jaligiga ($2,35 mlrd, 9%) ajratiladi.

Avvalroq Iqtisodiyot va moliya vazirligi 2024-yil uchun davlat budjeti loyihasi e’lon qilgandi. Budjet daromadlari 270,3 trln so‘m, xarajatlari esa 279,6 trln so‘m miqdorida bo‘lishi belgilanmoqda.