2-dekabr kuni Shavkat Mirziyoyev Dubayga tashrifning ishbilarmonlik tadbirlari doirasida biznes vakillari bilan uchrashdi.

Xususan, investitsiya vaziri, “ADQ” xoldingi bosh ijrochi direktori Muhammad Hasan al-Suvaydiy boshchiligidagi delegatsiyani qabul qildi. Uchrashuvda “TAQA” kompaniyasi rahbari Jasim Husayn Tabet va “Masdar” kompaniyasi rahbari Muhammad Jamil al-Ramahiy ham qatnashdi.

Savdo-iqtisodiy va investitsiyaviy hamkorlikdagi qo‘shma loyihalarni qo‘llab-quvvatlash va ilgari surish masalalari ko‘rib chiqildi. Tashrif doirasida bu yo‘nalishda “Masdar” kompaniyasi bilan Strategik sheriklik to‘g‘risida bitim imzolandi.

Uchrashuv yakunida davlat rahbari “Masdar” bosh ijrochi direktori Muhammad Jamil al-Ramahiyga O‘zbekiston-BAA munosabatlari rivojiga qo‘shgan shaxsiy hissasi uchun “Do‘stlik” ordenini topshirdi.

Prezident navbatdagi uchrashuvini “Amea Power” kompaniyasi raisi Husayn Al-Novays bilan o‘tkazdi. “Yashil” energetika va turizm infratuzilmasini rivojlantirish sohalarida qo‘shma investitsiya loyihalarini amalga oshirish imkoniyatlari ko‘rib chiqildi. Kompaniyaning O‘zbekistonda faoliyat yuritish borasidagi rejalari qo‘llab-quvvatlandi.

BAAning “SWS” kompaniyasi bosh ijrochi direktori Ahmad Al-Shamsiy bilan o‘tgan uchrashuvda kompaniyaning O‘zbekiston hududlarida suv ta’minoti va suvni tozalash sohalaridagi loyihalarni qo‘llab-quvvatlash va amalga oshirish rejalari muhokama qilindi.

Bunda xalqaro sheriklarni, jumladan Fransiyaning “SUEZ” va Yaponiyaning “Marubeni” kompaniyalarini jalb qilish ko‘rib chiqildi.

“Air Products” kompaniyasi boshqaruvi raisi Seyfi Gasemini bilan hamkorlikni yuqori texnologik tarmoqlarda kengaytirishning amaliy jihatlari ko‘rib chiqildi. Davlat rahbariga joriy loyihalarning borishi va yangilariga tayyorgarlik holati taqdimot qilindi.

Shuningdek, prezident “Tadweer” kompaniyasi bosh ijrochi va boshqaruvchi direktori Ali al-Daheriyni qabul qildi. Amirliklar kompaniyasining O‘zbekistonda elektr energiyasini ishlab chiqarish loyihalarini amalga oshirish, bunda ilg‘or texnologik yechimlarni joriy qilish rejalari ko‘rib chiqildi.